Ammandan munosabat: Oliy darajadagi sammit doirasida erishilgan kelishuvlar Iordaniya va O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga mos keladi

Noyabr 28, 2026. 16:30 • 3 daq

• 4
Ammandan munosabat: Oliy darajadagi sammit doirasida erishilgan kelishuvlar Iordaniya va O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga mos keladi

AMMAN, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniya matbuot uyushmasi vitse-prezidenti, “Ad-Dustur” nashri bosh muharriri o‘rinbosari, Turizm mediasi assotsiatsiyasi prezidenti, Arab turizm mediasi ittifoqi prezidenti Avni ad-Dovud “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea bo‘ldi. Tashrif siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi 2025-yil avgust oyida Podshoh Abdulla IIning O‘zbekistonga davlat tashrifidan boshlandi. O‘tgan davrda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 80 foizga oshdi, Qo‘shma ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi. Ammon va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarning o‘zaro safarlari uchun viza tartibi bekor qilindi.

Tashrif doirasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, umumiy qiymati 1,5 milliard dollariga teng bo‘lgan 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejasi e’lon qilindi. Ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalarni qamrab olgan 18 taga yaqin bitim va anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston–Iordaniya biznes-forumi ham amaliy hamkorlikni rivojlantirishda muhim maydon bo‘ldi. Unda ikki mamlakatning 150 ga yaqin kompaniyasi va 250 dan ortiq vakili ishtirok etib, yangi investitsiyaviy tashabbuslar, savdo va ishlab chiqarish sohasidagi sheriklik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Davlat rahbarlari muzokaralari yakunida qabul qilingan Qo‘shma bayonotda farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, energetika, konchilik, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm va suv resurslari kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Ayniqsa, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning ahamiyati katta bo‘lib, u tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Iordaniya hamkorligining strategik ahamiyati nafaqat ikki tomonlama savdo hajmini oshirish, balki mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda ham namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Iordaniya uchun Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishda muhim investitsiyaviy darvoza bo‘lishi mumkin. Iordaniya esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning Arab ko‘rfazi va Yaqin Sharq bozorlariga kirib borishida muhim sherik vazifasini bajaradi.

Kelgusida Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida to‘qimachilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, konchilik, uran qazib olish va farmatsevtika sanoatida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish katta istiqbollarga ega.

Eng muhimi, erishilgan kelishuvlar ikki mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlariga hamohangdir. Ular Iordaniyaning “Iqtisodiy modernizatsiya nigohi – 2033” dasturi va O‘zbekistonning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish