"KBS": O'zbekiston аfsonaviy Buyuk ipak yo'lining haqiqiy qalbi
Iyun 18, 2025. 15:30 • 3 daq
• 61
SEUL, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Koreya Respublikasining yetakchi "KBS" telekanalida "O'zbekiston bo'ylab sayohat: Buyuk ipak yo'lining yuragi" teledasturi doirasida yurtimizning turizm salohiyatiga bag'ishlangan maxsus ko'rsatuv efirga uzatildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur teledastur "KBS" telekanali ijodkorlarining O'zbekistonga amalga oshirgan safari davomida suratga olingan. Dasturda O'zbekistonning mashhur sayyohlik yo'nalishlari, YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Jizzax kabi shaharlarimizning boy tarixi, betakror madaniy an'analari hamda sayyohlik salohiyati haqida batafsil ma'lumotlar tomoshabinlar e'tiboriga taqdim etilgan.
"Afsonaviy Buyuk ipak yo'li nafaqat qadimiy savdo yo'li, balki asrlar davomida Sharq va G'arbni birlashtirgan, madaniy, ilmiy va iqtisodiy ko'prikdir. O'zbekiston ushbu qadimiy yo'lning haqiqiy qalbi bo'lib, u yerda tabiatning nozik va hayratlanarli go'zalligi bilan boy tarixiy merosning mukammal uyg'unligi ajoyib bir simfoniya sifatida namoyon bo'ladi", – deya ta'kidlagan ko'rsatuv boshlovchisi.
Dasturdagi sayohat yo'li faqat savdo va iqtisodiy aloqalar emas, balki avloddan-avlodga o'tgan bebaho san'at, hikmat va an'analarni o'rganishga yo'naltirilgan. "Markaziy Osiyoda o'tgan buyuk imperiyalar va san'at asarlar, milliy taomlar va hunarmandchilik namunalari bu tarixni tirik saqlab kelmoqda. Cheksiz kenglikdagi tabiat manzaralari sayohatchilarga ilhom va erkinlik tuyg'usini bag'ishlaydi", – deydi jurnalist.
Ma'lum qilinishicha, Seuldan Toshkent orqali amalga oshirilgan sakkiz soatlik parvozdan so'ng, sayohatchilar qadimiy va zamonaviylik uyg'unlashgan Samarqandga boradi. Bu shaharda XV asrda Ulug'bek tomonidan barpo etilgan observatoriya inson aqlining cheksiz salohiyatini namoyon etadi. Teleskopsiz tuzilgan aniq astronomik xaritalar bu yerning ilmiy ahamiyatini yana-da oshiradi. Shoxi-Zinda maqbarasi esa nafaqat tarixiy yodgorlik, balki muqaddas va ruhiy muhit markazidir. Go'zal yorug' plitkalar va islomiy dafn an'analari bu joyda buyuk osoyishtalik muhitini yaratadi.
Sayohat zamonaviylikka qaytib, Janubiy Koreyaning "KTX" tezyurar poyezdiga o'xshash "Afrosiyob" poyezdida davom etadi. "Bu poyezdda Jizzaxga yetib borilganda, yashil tepaliklar va Zomin milliy bog'ining qalin o'rmonlari sayohatchilarga tabiat bilan uyg'unlikda dam olish imkonini beradi. Chimyon tog'ining baland cho'qqisiga yetkazuvchi lift orqali hayratlanarli manzaralar ochiladi, ekstrim muxlislari esa ziplayn va paraplanerizm kabi sport turlari bilan tabiatning go'zalligi ostida yangi his-tuyg'ularga ega bo'ladi", –deyilgan dasturda.
Xivada vaqt to'xtaganday tuyuladi. Qadimiy devorlar, an'anaviy quduqlar va tor ko'chalar o'tmishning sirlari va tarixiy hikoyalarini saqlab kelmoqda. Silkma cho'girma esa mahalliy madaniyat ramzi sifatida o'z o'rnini saqlab, nafaqat quyoshdan himoyalovchi, balki dam olish uchun qulay bosh kiyimi sanaladi.
"Kalta minor – Xivaning eng g'oyat g'ayrioddiy va mashhur minoralardan biri bo'lib, qadimiy shaharning o'ziga xos va e'tiborli ramziga aylangan. Bu benazir me'moriy yodgorlik nafaqat Xivaga o'ziga xoslik bag'ishlaydi, balki u yerdan butun dunyoga tarqalgan "algoritm" so'zining ilk manbai ekanligi ko'pchilik uchun kutilmagan va hayratlanarli haqiqatdir", – deya qayd etilgan ko'rsatuvda.
Dastur mualliflari Xivada har yili o'tkaziladigan xalqaro Baxshichilik festivali – musiqiy va madaniy hamjihatlik ramzi sifatida e'tirof etilgan. "Bu tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan an'anaviy musiqachilar yig'ilib, do'stona choy marosimi orqali samimiylikni namoyon etadilar. Janubiy Koreya ijodiy jamoasi ushbu festivalda mashhur "Miryang Ariran" qo'shig'ini zamonaviy va an'anaviy musiqiy usullarda ijro etib, tomoshabinlarni o'ziga rom etdi", – deydi muxbiri.
Ko'rsatuv "Ushbu sayohat O'zbekistonni tarix, tabiat va musiqaning mukammal uyg'unligida namoyon etadigan, jahon madaniy merosida o'zining alohida o'rniga ega mamlakat sifatida qayta kashf etishga yordam beradi", – degan so'zlar bilan yakunlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi