Janubiy Koreyada O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum bo'lib o'tdi
Iyun 12, 2025. 16:50 • 3 daq
• 40
SEUL, 12-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Turizm qo'mitasi hamkorligida Janubiy Koreya poytaxtida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Janubiy Koreyaning 80 dan ortiq mahalliy sayyohlik kompaniyalari, mahalliy OAV xodimlari, bloger va yutuberlar hamda O'zbekistonning "Orient star", "Central Asia", "Travel rentcar", "Dekor travel" turkompaniyalari hamda "Uzbekistan Airways", "Qanot Sharq", "Centrum Air" va "T'Way" aviakompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O'zbekiston Turizm qo'mitasi va o'zbek turkompaniyalari tomonidan mamlakatimiz turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Elchixona diplomatlari tomonidan mamlakatimizda turizm sohasida so'nggi yillarda olib borilgan keng ko'lamli islohotlar, xususan, O'zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan turizm sohasida o'rnatgan hamkorlik aloqalari, mamlakatimizda sayyohlarga xizmat ko'rsatish bo'yicha sharoitlar, ularning xavfsizligi ta'minlashda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'zlab berildi.
Delegatsiya tarkibida kelgan milliy turkompaniya vakillari O'zbekistonning tarixiy va sayyohlik markazlari, Buxoro, Samarqand, Xiva viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, jumladan "madaniy turizm", "ziyorat turizmi" (buddizm), "gastroturizm", "ishbilarmonlik turizmi" (MICE) kabi turpaketlarni taqdim qilishdi
Sayyohlik forumi doirasida O'zbekistonning eng yirik va zamonaviy turizm obyektlaridan biri – "Amirsoy" dam olish maskanining taqdimoti tashkil etildi. Taqdimot davomida mazkur ko'p funksiyali turistik majmuaning ilg'or infratuzilmasi, xalqaro standartlarga javob beradigan servis xizmatlari, mavjud salohiyati va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
"Amirsoy" dam olish maskani nafaqat mahalliy, balki xalqaro sayyohlar uchun ham yil davomida faoliyat ko'rsatuvchi yuqori darajali sport va dam olish majmuasi sifatida jozibador ekani alohida ta'kidlandi.
"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining Seuldagi vakili O'zbekistonga sayohat qiluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, jumladan, bugungi kunda Toshkent-Seul-Toshkent yo'nalishi haftasiga 7 marta to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlari mavjudligi hamda kelajakda Pusan-Toshkent-Pusan yo'nalishi bo'yicha aviaqatnovlar rejalashtirilganligini ma'lum qildi.
Bundan tashqari, boshqa aviakompaniyalar vakillari ham taqdimotlar bilan ishtirok etib, o'z xizmatlari va taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumot berdilar. Jumladan, "Qanot Sharq" aviakompaniyasi 2025-yil 4-iyun kuni Janubiy Koreyaning Pusan shahriga ilk to'g'ridan-to'g'ri parvozni amalga oshirgani qayd etildi. Shuningdek, "Centrum Air" aviakompaniyasi iyul oyidan boshlab Toshkent – Seul – Toshkent yo'nalishi bo'yicha muntazam aviaqatnovlarni yo'lga qo'yishini ma'lum qildi.
Shuningdek, tadbirda O'zbekistonda bo'lgan Janubiy Koreya fuqarolari ham so'zga chiqdilar. Xorijlik mehmonlar mamlakatimizning madaniy-me'moriy jozibadorligi, mahalliy aholining mehmondo'stligi, O'zbekistondagi yashash va harakatlanish uchun qulay sharoitlarni yuqori baholashdi.
Tadbir doirasida o'zbek milliy taomlari taqdim etildi. Mehmonlar xalqimizning mehmondo'stlik an'analari va gastronomik madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldilar. Shuningdek, rang-barang milliy raqslar va jonli musiqiy chiqishlari orqali yurtimizning noyob va xilma-xil madaniy merosi namoyon etildi. Bu chiqishlar forum ishtirokchilarida katta taassurot qoldirib, O'zbekistonning madaniy salohiyatiga bo'lgan qiziqishni yana-da oshirdi.
Tadbirning muhim qismi hisoblangan ikki mamlakat turoperatorlarining "V2V" shaklidagi uchrashuvi davomida respublikaga Janubiy Koreyadan sayyohlar oqimini oshirish va yangi turizm dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha fikr almashildi.
O'zbekiston-Janubiy Koreya sayyohlik biznes-forumi ikki davlat sayyohlik kompaniyalari o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam bo'ldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va sayyohlar uchun yangi yo'nalishlarni ishlab chiqish imkoniyatlarni o'rganish uchun platforma taqdim etdi. Mazkur tadbir, shuningdek, O'zbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi