Mehmonxona va gastronomik xizmatlar yo'nalishida ta'lim olayotgan O'zbekiston yoshlari uchun Germaniyada amaliyot dasturi tashkil etildi
Iyul 03, 2025. 18:42 • 59 soniya
• 94
BERLIN, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. Toshkent va Buxoro shaharlaridagi turizm va mehmonxona menejmenti texnikumlarida tahsil olayotgan bir guruh o'quvchilar malaka oshirish uchun Germaniyaga keldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu loyiha O'zbekistondagi Gyote instituti, Oliy Ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Professional ta'lim rivojlantirish instituti, Flensburg savdo-sanoat palatasi hamda "Nordsee Kollektiv" GmbH mehmonxonalar tarmog'i ko'magida amalga oshirilmoqda.
"Amaliyot o'tash uchun kelgan o'quvchilar bir yil davomida nemis tili o'rganishdi. Endi ular Germaniya mehmonxonalari va restoranlarida amaliyot o'taydilar. Ushbu dastur o'quvchilar uchun katta ahamiyatga ega, ular nafaqat til bilish ko'nikmalari mustahkamlaydilar, balki mehmonxona sohasida kasbiy mahoratlarini oshirish, mamlakatdagi ishlash va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladilar", – dedi O'zbekistondagi Gyote instituti direktor o'rinbosari Valter Sabiyel.
Eslatib o'tamiz, joriy yil 22-yanvar kuni yurtimiz elchixonasi ko'magida Flensburg Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va O'zbekistondagi Gyote instituti o'rtasida ahdlashuv memorandumi imzolangan edi.
Ushbu hujjatga ko'ra, Gyote instituti tomonidan tanlab olingan yurtimizdagi turizm va mehmonxona menejmenti texnikumlarining A2 til sertifikatiga ega birinchi kurs o'quvchilari Flensburg mehmonxona va umumiy ovqatlanish muassasalarida amaliyot o'taydilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi