Logo

O'zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm brendi elchisi tayinlandi

Iyul 02, 2025. 07:11 • 2 daq

69
O'zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm brendi elchisi tayinlandi

SEUL, 2-iyul. /"Dunyo" AA/. Seul shahrida O'zbekistonning Koreya Respublikasidagi turizm brendi elchisi etib tayinlangan Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bosh kotibi Kang Da-yunga maxsus sertifikatni topshirish marosimi va uning doirasida yurtimizning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Janubiy Koreya parlamenti a'zolari, madaniyat va turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari va nufuzli blogerlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar davlatimiz rahbarining "Samarqand – Yangi O'zbekistonning turizm darvozasi" tashabbusi hamda yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosini namoyon etuvchi Toshkent, Buxoro, Xorazm kabi shaharlarning sayyohlik  salohiyati bilan tanishdilar. 

O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasida turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Bu kabi tadbirlar xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi urg'ulandi.

Janubiy Koreya vakillari mamlakatimizda so'ngi yillarda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashdi.

Shuningdek, tadbir davomida O'zbekistonning Koreya Respublikasidagi turizm brendi elchisi etib tayinlangan Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bosh kotibi Kang Da-yunga maxsus sertifikat topshirildi.

Kang Da-yunga O'zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm brendi elchisi etib tayinlangani katta sharaf bilan qabul qildi. Uning aytishicha, ushbu lavozim nafaqat faxriy unvon, balki O'zbekistonning boy va betakror turistik salohiyatini xalqaro miqyosda ilgari surish imkonini ham yaratadi.

Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bosh kotibi o'z nutqida ta'kidlaganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasidagi turizm aloqalari mislsiz sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Ko'p yillar mobaynida shakllangan diplomatik munosabatlar o'zaro ishonch, do'stlik va strategik sheriklikka asoslangan mustahkam hamkorlik poydevorini yaratdi.

Ushbu munosabatlarning yorqin namunasi sifatida, joriy yilning 4-iyun kuni yo'lga qo'yilgan Pusan - Toshkent yo'nalishidagi to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovni alohida ta'kidlash joiz. Bu muhim qadam ikki davlat o'rtasidagi madaniy, iqtisodiy va sayyohlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqdi. Shu bilan birga, sayohat va savdo sohasidagi bir qator to'siqlarni bartaraf etib, xalqlarimiz o'rtasidagi o'zaro anglashuv va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga keng yo'l ochdi.

Yangi lavozimdagi faoliyati doirasida bosh kotib O'zbekistonning turistik imkoniyatlarini jahon bozorida faol targ'ib etishga alohida e'tibor qaratishini alohida ta'kidladi.

Tadbir ishtirokchilari o'zbek milliy kuy va qo'shiqlaridan bahramand bo'ldilar. Shuningdek, yig'ilganlar uchun o'zbek milliy taomlari, jumladan bayramona palov ulashildi.

Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti 2002-yilda tashkil etilgan. Tashkilot bugungi kunda 17 mamlakatdan 131 shaharni birlashtirgan va mintaqaviy turizmni barqaror rivojlantirishda yetakchi rol o'ynab kelmoqda. Samarqand shahri ham tashkilotning a'zosi hisoblanadi.

Uning asosiy vazifasi – yirik shaharlar o'rtasida turizm industriyasini jadal rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish, o'zaro tajriba va bilim almashuvini ta'minlashdan iborat.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish