Logo

Rossiyaning Novosibirsk viloyati maktab o'quvchilari uchun O'zbekistonda yozgi oromgohlar tashkil etilishi mumkin

Iyun 02, 2025. 11:59 • 2 daq

112
Rossiyaning Novosibirsk viloyati maktab o'quvchilari uchun O'zbekistonda yozgi oromgohlar tashkil etilishi mumkin

NOVOSIBIRSK, 3-iyun. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O'zbekiston va Rossiyaning Novosibirsk viloyatidagi yirik turkompaniyalar hamda sayyohlik agentliklari vakillari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Novosibirsk viloyati Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, "Mintaqaviy rivojlanish markazi" davlat muassasasi, Novosibirsk sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi rahbariyati, hududdagi "Olga grand tour", "Central travel bureau" kabi turoperatorlar vakillari qatnashdi. O'zbekiston tomonidan Turizm qo'mitasi mas'ul xodimlari va "Another travel", "Aspantur", "Xorazm tour and travels", "Central Asia Travel" sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.


Novosibirsk viloyati iqtisodiy rivojlanish vaziri o'rinbosari –marketing, tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm departamenti boshlig'i Anna Vinnikova Rossiyaning ushbu hududi turizm sohasi vakillari va ularning o'zbekistonlik hamkorlari o'rtasida yaqin aloqalarni o'rnatish muhimligini ta'kidladi.


Novosibirskdan O'zbekistonga sayohat qilishning afzalliklari qatorida respublikaning turli hududlariga haftasiga 10 dan ortiq avia reyslar hamda rossiyalik sayyohlar uchun taklif etilayotgan turli sayyohlik yo'nalishlarining mavjudligi qayd etildi.


Vazir o'rinbosari, Novosibirsk viloyati joriy yil Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan an'anaviy "Ipak yo'lidagi turizm" Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida alohida stend bilan ishtirok etishini bildirdi.


Shuningdek, tomonlar Rossiyaning ushbu hududidagi turizm sanoati vakillari va ularning o'zbekistonlik hamkorlari o'rtasida yaqin aloqalarni jadallashtirish, qo'shma sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish, turistlar almashinuvini ko'paytirish xususida fikr almashdilar.


Bosh konsul Aslam Akbarov o'z navbatida, O'zbekistonning Markaziy Osiyoning turizm markazi sifatidagi o'ziga xos jozibadorligini, xorijiy sayyohlarga ko'rsatilayotgan xizmatlar ko'lamini kengaytirish, ularga qulaylik yaratish va xavfsizligini kafolatlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarni alohida urg'uladi.


O'zbekiston Turizm qo'mitasi vakillari Rossiya yurtimiz uchun turizm bo'yicha strategik hamkor ekanligini, respublikaga rossiyalik sayyohlar oqimi an'anaviy tarzda xorijiy davlatlardan kelayotgan mehmonlar sonidan 1,5-2 barobar ko'p ekaniga e'tibor qaratdilar.


Rossiya tomoni O'zbekistonda taklif etilayotgan va maktab o'quvchilari va pensionerlar uchun ishlab chiqarish, o'quv va tijorat, infoturlar kabi rivojlanayotgan turizm yo'nalishlariga katta qiziqish bildirdi. Xususan, Novosibirsklik bolalar uchun joriy yil avgust oyida mamlakatimizdagi yozgi oromgohlarda, pensionerlar uchun esa O'zbekistonning eng yaxshi shifoxona va kurortlarida dam olish kabi variantlar taklif etildi.


Bundan tashqari, rossiyalik hamkorlarga "Ipak yo'li" Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tomonidan rossiyalik talabalar uchun jahon turizm industriyasining barcha asoslarini chuqurroq o'rganish uchun to'rtta grant ajratilishi ma'lum qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish