Logo

Parkent tumanida Janubiy Koreya andozalari asosida "Chashma" etno qishlog'i tashkil etildi

Iyul 23, 2025. 11:07 • 2 daq

135
Parkent tumanida Janubiy Koreya andozalari asosida "Chashma" etno qishlog'i tashkil etildi

TOSHKENT, 23-iyul. /"Dunyo" AA/. Toshkent viloyati Parkent tumanida Koreya Respublikasi andozalari asosida "Chashma" etno qishlog'i tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Turizm qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, mazkur loyiha Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning 2022-yilda Koreya Respublikasiga amaliy safari davomida ilgari surilgan tashabbusi asosida amalga oshirildi.

Geongsangbuk-do viloyatida joylashgan mashhur "Andong Xaxve" folklor qishlog'i bilan tanishuv chog'ida, shunday etno-qishloqni Parkent tumanida tashkil etish taklifi bildirilib, davlatimiz rahbari tomonidan mazkur tashabbus ma'qullangan edi. Bugungi kunga kelib loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilib, o'z faoliyatini boshladi.

Bundan asosiy maqsad hududning betakror tabiati va etnografik xususiyatlarini asrab-avaylash, shu orqali ichki va tashqi turizmni rivojlantirishdir.

Ochilish marosimida mehmonlar uchun folklor san'ati chiqishlari, milliy liboslar namoyishi va rassomchilikka oid tasviriy san'at ko'rgazmalari tashkil etildi. Mahalliy va xorijiy OAV vakillari, shu jumladan, Janubiy Koreyaning "Move" jurnali ijodiy guruhi uchun esa Parkent tumani bo'ylab press-tur tashkil qilindi.

Info-tur davomida "Family Resort" oilaviy mehmon uyi, shuningdek, "Kumushkon" hududidagi "Oltin bel" tepaligida qurilayotgan kurort zonalari, yengil turdagi mehmonxonalar va boshqa turistik infratuzilma loyihalari bilan tanishtirildi.

Tadbirda Koreya Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasidan madaniyat, turizm va ta'lim masalalari bo'yicha bosh mutaxassis Xon Ji Yon va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish