Logo

Hindistonlik taniqli blogerlar O'zbekiston turizm salohiyatini yoritmoqda

Iyun 21, 2025. 08:25 • 2 daq

74
Hindistonlik taniqli blogerlar O'zbekiston turizm salohiyatini yoritmoqda

DEHLI, 21-iyun. /"Dunyo" AA/. Hindistonlik bir guruh taniqli blogerlar O'zbekistonda tanishuv safari bilan bo'lib turibdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Toshkentga parvoz arafasida O'zbekistonning Dehlidagi elchixonasida ijodiy guruh a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Diplomatik missiya rahbari Sardor Rustamboyev mamlakatimizda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni, turli tarmoqlar, jumladan, turizm sohasini izchil rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarning natijalari haqida so'zlab berdi. Shuningdek, xalqimizning betakror urf-odatlari, an'analari va madaniy-ma'rifiy qadriyatlari, tarixiy, madaniy, me'moriy obidalar va inshootlar haqida ma'lumot taqdim qilindi. 

Tizimli sa'y-harakatlar samarasida O'zbekistonning turizm jozibadorligi yuksalayotgani, bu yildan yilga hajmi oshib borayotgan sayyohlik oqimida yaqqol namoyon bo'layotgani ta'kidlandi.

Tadbirda Hindiston vakillari mamlakatimizga tashkil etilgan infotur dasturi bilan yaqindan tanishtirildi.

O'zbekiston Turizm qo'mitasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan ushbu dasturda Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlari va Toshkent viloyatidagi tarixiy obidalar va zamonaviy turistik majmualar bilan tanishish ko'zda tutilgan.

Uchrashuvda Hindiston bugungi kunda ko'plab fuqarolari xorijga sayohatga chiqayotgan, jadal ravishda o'sib borayotgan va ulkan istiqbolga ega davlat ekani qayd etildi.

Shu sababli blogerlarga O'zbekistonga safari davomida mamlakatimiz turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xolis, mazmunli va tezkor axborot joylashtirib borishning yuqori ahamiyati urg'ulandi.

Blogerlar guruhiga obunachilari 1,5 milliondan 20 million nafargacha bo'lgan ijtimoiy tarmoq faollari kiritilgan.

- O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi madaniy aloqalarning ildizlari ming yilliklarga borib taqaladi, - deb intervyu berdi taniqli bloger Falak Irfon "Dunyo" AA muxbiriga Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgach. - Shuning uchun ham biz O'zbekistondamiz va ushbu go'zal mamlakat, do'st xalq, uning boy tarixi, bugungi zamonaviy hayoti, jumladan, palov, somsa va boshqa unitilmas ta'mli taomlarni o'z ichiga olgan milliy oshxonasi haqida hikoya qilish niyatidamiz. Instgram, Yutyub va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib, biz bilan birga zavqlaning!

Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar jarayoni Hindiston yetakchi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi ommabop sahifalar diqqat e'tiborida bo'lib turibdi. Ular tomonidan ushbu mavzuga bag'ishlangan turli janrlardagi materiallar muntazam tarzda e'lon qilib borilmoqda.

Buning natijasida Hindistondan O'zbekistonga sayyohlik oqimi yildan yilga izchil o'sishiga erishilmoqda. Xususan, 2023-yilda 40 ming nafardan ortiq hindistonlik sayyoh mamlakatimizga safar qilgan bo'lsa, 2025-yilda ularning safi 80 ming nafardan oshdi. Joriy yil esa ushbu ko'rsatkich 100 ming nafarga yetishi kutilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish