Taniqli jurnalist va bloger O'zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlandi
May 24, 2025. 11:07 • 2 daq
• 90
AL-KUVAYT, 24-may. /"Dunyo" AA/. Taniqli jurnalist va bloger Abdulkarim al-Hindal O'zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston elchixonasida shu munosabat bilan Abdulkarim al-Hindal va "Unique Travel" kompaniyasi ijrochi direktori Suad al-Mahri bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida kuvaytlik mashhur bloger Abdulkarim al-Hindalga O'zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlash to'g'risidagi qaror va sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Abdulkarim al-Hindal O'zbekiston hukumati va mamlakatimiz elchixonasiga O'zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlangani uchun minnatdorlik bildirdi hamda yurtimizning g sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qilishga barcha kuch va imkoniyatini safarbar etishini bildirdi.
"O'zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi etib tayinlanganimdan juda xursandman. Menga bildirilgan ishonch juda katta mas'uliyat hamdir. O'zbekistonga bo'lgan safarlarim davomida o'zbek xalqining mehmondo'stligi va ochiq ko'ngilligiga shaxsan guvoh bo'lganman. Shuningdek, O'zbekistonning Samarqand va Buxoro kabi shaharlaridagi qadimiy obidalarning go'zalligi meni o'ziga maftun etdi. O'zbek milliy taomlari, jumadan, palov menga juda yoqdi. Kelgusida O'zbekiston elchixonasi bilan birgalikda yurtingiz sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qilish bo'yicha ishlarni yana-da jadallashtiramiz", dedi u.
Muloqot davomida elchixona bilan hamkorlikda Kuvaytda mamlakatimiz turizm salohiyati va O'zbekiston turizm brendini keng targ'ib qilish, sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, yetakchi OAVda yurtimiz salohiyati haqida maqolalar chop etish bo'yicha kelishib olindi.
Kuvaytning "Unique Travel" kompaniyasi ijrochi direktori Suad al-Mahri bilan kechgan muloqot chog'ida kuvaytlik sayyohlar uchun O'zbekistonga doir turistik dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng jamoatchilik o'rtasida targ'ib qilishga ahdlashib olindi.
Kuvayt vakillari O'zbekiston Prezidenti qarori bilan joriy yilning 1 iyunidan boshlab Kuvayt fuqarolarining mamlakatimizga 30 kunlik muddatga vizasiz tartibda kirishlari haqidagi muhim ma'lumotni yuksak baholadilar.
O'zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchsi Abdulkarim Falih Munshid Hasan al-Hindal 1970-yil 1-iyulda tug'ilgan. Kuvayt universitetini tamomlagan. 1990-2012-yillarda Kuvayt milliy televideniyesi muxbiri, rejissyori, media-konsultanti, "Wadha" jurnali bosh muharriri, "Al-Ataa" telekanali vitse-prezidenti lavozimlarida ishlagan. Hozirgi kunda mustaqil ijodkor sifatida "Instagram"da o'z blogini yuritadi. Uning "Instagram" ijtimoiy tarmog'idagi akkauntini 21,2 million kishi kuzatib boradi.
U 160 dan ortiq xalqaro festivallarda ishtirok etgan. "Happiness International Bank" tomonidan baxt elchisi, "British Ismail University" tomonidan tinchlik elchisi deya e'tirof etilgan. 2018 yilning "Eng yaxshi xalqaro shaxsi" unvonga sazovor bo'lgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi