Germaniyada turizm sohasi targ‘ibotchilari uchun uchrashuv o‘tkazildi
Dekabr 03, 2025. 08:49 • 2 daq
• 352
BERLIN, 3-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyada “CTOUR Touristik.Forum” turizm jurnalistlari uyushmasi tomonidan “Turizm sohasi – 2025. Muloqotga xush kelibsiz!” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir Germaniyada akkreditatsiyadan o‘tgan O‘zbekiston, Shveysariya, Turkiya, Xorvatiya, Chexiya, Polsha, Makedoniya va Bolgariya davlatlari elchixonalari tashabbusi bilan tashkil etildi.
Uchrashuvda turizm uyushmalari aʼzolari, diplomatiya vakolatxonalar xodimlari, turkompaniya va turoperatorlar vakillari hamda turizm sohasining faol targ‘ibotchilari – jurnalistlar va blogerlar qatnashdi.
Tadbirda O‘zbekiston elchixonasi Germaniya, Shveysariya, Bolgariya, Turkiya davlatlari qatorida milliy hunarmandchilik buyumlari stendi va turizm taqdimoti dasturi bilan ishtirok etdi. Unda mamlakatimiz turizm imkoniyatlari haqidagi tarqatma materiallar, amaliy sanʼat buyumlari, milliy liboslar, zardo‘zlik, kashtachilik, turli sharqona matolar va boshqa anʼanaviy kiyim-kechaklar va hunarmandchilik buyumlari namoyish etildi. Stendda milliy gastronomiya turizmini targ‘ib etish maqsadida mehmonlar uchun o‘zbek milliy taomi – palov tortildi.
Elchixona vakillari yig‘ilganlarga O‘zbekiston turizmi salohiyati, xususan yangi sayyohlik yo‘nalishlari va infratuzilmalar haqida maʼlumot berdi. Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi. Katta ekranda yurtimiz turizmi salohiyatini o‘zida aks ettirgan videolavhalar namoyish etildi.
Yevropa Ittifoqining turizm sohasidagi yetakchi mamlakatlari qatorida O‘zbekiston turizm sohasining eʼtirof etilishi, boshqa mintaqalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yurtimizda turistlar sonining oshishiga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi