Logo

O'zbekiston va Qozog'iston turkompaniyalari yangi turistik mahsulotlarni ishlab chiqishga kelishib oldi

Iyul 20, 2025. 08:09 • 2 daq

105
O'zbekiston va Qozog'iston turkompaniyalari yangi turistik mahsulotlarni ishlab chiqishga kelishib oldi

ATIRAU, 20-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi, O'zbekiston Turizm qo'mitasi va Qozog'istonning "FlyArystan" aviakompaniyasi tomonidan joriy yilning 15-17-iyul kunlari Atirau shahrida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot va "Workshop" tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirlar Qozog'istonning "FlyArystan" aviakompaniyasi tomonidan Atirau-Toshkent yo'nalishi bo'yicha muntazam aviaqatnovlarning ochilishi munosabati bilan tashkil etildi.

15-iyul kuni birinchi reys orqali Toshkent shahridan 19 nafar turistik kompaniyalar, sanatoriylar, tibbiy turizm va mehmonxona biznesi vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi Atirau shahriga keldi. O'zbekiston delegatsiyasi Atirau xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Kutib olish marosimida aviakompaniya va aeroport rahbariyati, Bosh konsulxona hamda mahalliy hokimiyat vakillari ishtirok etdi.

"Ushbu reysning yo'lga qo'yilishi "FlyArystan" aviakompaniyasining xalqaro yo'nalishlar tarmog'ini kengaytirish, shuningdek, Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash borasida muhim qadam bo'ldi. Ostona – Toshkent yo'nalishidan tashqari, yangi reys orqali O'zbekistonga G'arbiy Qozog'istondan ham to'g'ridan-to'g'ri parvozlar amalga oshirilishi ta'minlandi. Bu esa ikki davlat o'rtasidagi ishbilarmonlik, madaniy va sayyohlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi", – dedi "FlyArystan" prezidenti Richard Ledjer.

"FlyArystan" aviakompaniyasi tomonidan, Atirau xalqaro aeroporti, O'zbekiston Bosh konsulxonasi va "Visit Atyrau" turistik axborot markazi ko'magida Qozog'iston va O'zbekistonning turizm kompaniyalari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.

B2B formatidagi ushbu "workshop" tadbiri O'zbekiston va Qozog'istonning yetakchi turizm agentliklarini, shuningdek, sanatoriy-kurort maskanlari, sog'lomlashtirish markazlari, mehmonxonalar va tibbiy turizm sohasidagi tashkilotlar vakillarini birlashtirdi.

O'zbekiston delegatsiyasi gastronomik, ekologik, madaniy hamda tibbiy turizm yo'nalishlarini namoyish qildi, shuningdek, mamlakat hududlaridagi yangi sayyohlik marshrutlari va dam olish maskanlarini taqdim etdi.

Atirau viloyati vakillari hududning sayyohlik salohiyati, jumladan tabiiy, tarixiy va etnoturizm yo'nalishlari haqida so'zlab berdilar. Alohida e'tibor Sarayshiq shaharchasi, Kigash daryosining lotos gullari bilan qoplangan hududlari va osetr baliqlari yetishtirish zavodiga qaratildi.

Atirau-Toshkent yo'nalishidagi to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovning ochilishiga alohida urg'u berildi. Bu yo'nalish kelgusida ikki mamlakat o'rtasidagi sayyohlik oqimini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Safar davomida O'zbekiston vakillari Atirau viloyatining sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o'zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, birgalikda yangi turistik mahsulotlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish