Iroq va O‘zbekiston o‘rtasidagi turizm aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Fevral 17, 2026. 19:47 • 2 daq
• 282
TOSHKENT, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. Iroqning “Al Luma Travel and Ttourism company” kompaniyasi rahbari Luma Subhi Al-Baldaviy mamlakatimiz turizm sohasi vakillari bilan aloqa o‘rnatish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mehmonlar avval ham yurtimizda bo‘lganini taʼkidlab, so‘ngi o‘n yillikda O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilganini qayd etdi.
“Tarixdan maʼlumki, yurtingiz dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar vatani hisoblanadi. Ular qoldirgan buyuk meros, boy madaniyat va albatta go‘zal tabiat har qanday sayyohni o‘ziga jalb qila oladi”, deya fikr bildirdi Luma Subhi Al-Baldaviy.
Uchrashuv davomida xorijiy kompaniya vakillariga O‘zbekistonda turizm salohiyati va imkoniyatlari, bugungi kunda sayyohlarga taklif etilayotgan xizmatlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Kelgusida “Al Luma Travel and Ttourism company” tomonidan O‘zbekistonga sayyohlarni yuborish, bunda mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shundan so‘ng, delegatsiya aʼzolari hamda Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Diplomatik servis xizmati” DUK vakillari bilan muloqot tashkil etildi.
Suhbat davomida O‘zbekistonga turistlar oqimini ko‘paytirish, mamlakatimiz turizm salohiyatini Iroq bozorida keng targ‘ib qilish hamda diplomatik servis xizmati va mazkur turistik kompaniya o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamda uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Iroq fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish va tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
“Al Luma Travel and Ttourism company” kompaniyasi 2017 yilda Iroqda tashkil etilgan. 2019 yilda o‘z faoliyatini kengaytirib, O‘mon Sultonligida ham o‘z filialini ochgan. Hozirda mintaqadan dunyoning turli yo‘nalishlari bo‘yicha sayyohlarni jo‘natish bilan shug‘ullanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi