O'zbekiston turizm salohiyati Germaniyaning Bonn shahrida taqdim etildi
May 31, 2025. 12:17 • 2 daq
• 86
FRANKFURT-MAYN, 31-may. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Bonn shahrida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekistonnig Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi va "Bonn-Buxoro" nemis-o'zbek do'stlik jamiyati hamkorligida Bonn shahar meriyasining "Altes Rathaus" tarixiy binosida tashkil etildi.
Unda Germaniya jamoat va ishbilarmon doiralari vakillari, jumladan, Bonn shahar boshqaruvi rahbari Ursula Sauter, madaniyat namoyondalari, jurnalistlar, vatandoshlar, shuningdek, "Bonn-Buxoro" nemis-o'zbek madaniy do'stlik jamiyati a'zolari ishtirok etdi.
"Yaqin hamkorlik va o'zaro yordam uchun Bosh konsulxonaga minnatdorlik bildiraman. Shuni ta'kidlash joizki, O'zbekiston Germaniya bilan madaniy va sayyohlik almashinuvida alohida o'rin tutadi. Bugungi kunda oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalar tufayli ikki davlat o'rtasida ko'p qirrali hamda o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko'lamli dasturlar amalga oshirilmoqda", – dedi Bonn shahar boshqaruvi rahbari Ursula Sauter o'z nutqida.
Bosh konsulxona xodimlari yig'ilganlarga mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati va ushbu sohani xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdilar.
Shuningdek, tadbir davomida shu yil mart oyida yurtimiz Bosh konsulxonasi va "Bonn-Buxoro" nemis-o'zbek madaniy jamiyati ko'magida O'zbekistonga sayohat qilgan bir guruh jamiyat a'zolari safardan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashdilar. Ularning aytishicha. sayyohlik guruhining Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkentga qilgan safari haqida nemis tilida hujjatli film suratga olingan.
Tashkilotchilarga ko'ra, bunday sayyohlik dasturi kelgusi yilda ham amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
"Bonn-Buxoro" nemis-o'zbek do'stlik jamiyati rahbari O.Ten nemis jamoatchiligini mamlakatimiz madaniy merosiga bo'lgan yuqori qiziqishini inobatga olib, 2025 yil yakuniga qadar Germaniyadan navbatdagi guruhlarning O'zbekistonga sayyohlik safari tashkil etilishini ma'lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi