Logo

O'zbekiston turizm salohiyati Isroilda bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazmada namoyish etildi

May 11, 2025. 10:35 • 53 soniya

140
O'zbekiston turizm salohiyati Isroilda bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazmada namoyish etildi

TEL-AVIV, 11-may. /Dunyo" AA/. Shu yilning 7-8-may kunlari Isroil poytaxtida bo'lib o'tgan 31-Xalqaro O'rta yer dengizi sayyohlik ko'rgazmasida (IMTM – 2025) O'zbekiston sayyohlik salohiyati namoyish etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 "IMTM – 2025" ko'rgazmasida, shuningdek, Ozarbayjon, Vengriya, Vyetnam, Gretsiya, Hindiston, Xitoy, Marokash va boshqa mamlakatlarning turizm sohasi vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida "Air Samarkand" xususiy aviakompaniyasi, "Silk Road Samarkand" sayyohlik majmuasi va Isroilning "Asia Travel" sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlikda yarmarka maydonida O'zbekiston stendi tashkil etildi.

Mazkur ko'rgazmada O'zbekistonning ishtiroki mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror arxitekturasi va sayyohlik yo'nalishlarini namoyish etish imkonini berdi. O'zbekiston va Isroil o'rtasidagi yangi to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, "Air Samarkand" aviakompaniyasi tomonidan 4 may kuni Samarqand - Tel-Aviv - Samarqand yo'nalishida muntazam aviaqatnovlar yo'lga qo'yilgani turizm rivojiga qo'shimcha turtki bo'lishi ta'kidlandi.

Ikki kun davomida ko'rgazmaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar o'zbek oshxonasining eng sara taomlaridan bahramand bo'lish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

Tashkilotchilar ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekiston stendiga mingdan ortiq kishi, jumladan, Isroilning yirik sayyohlik kompaniyalari tashrif buyurgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish