O'zbekiston sayyohlik salohiyati Germaniyaning ixtisoslashgan OAV diqqat markazida

Fevral 02, 2024. 07:30 • 2 daq

• 489
O'zbekiston sayyohlik salohiyati Germaniyaning ixtisoslashgan OAV diqqat markazida

FRANKFURT-MAYN, 2-fevral. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning «Nüma GmbH» sayyohlik kompaniyasi veb-saytida mamlakatimizning Frankfutr-Mayndagi Bosh konsulligida bo'lib o'tgan O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotga bag'ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.



«Tadbirda "Nüma GmbH" kompaniyasi rahbari Daliya Altuntepe O'zbekistonning qadimiy shaharlari va diqqatga sazovor joylari haqida ma’ruza qildi, - deyiladi maqolada. - Shuningdek, O'zbekistonning zamonaviy turizm xizmatlari va infratuzilmasi haqidagi videolavhalar ishtirokchilar e’tiboriga taqdim qilindi».

Bosh konsul Olimjon Abdullayev yig'ilganlarni mamlakatning gastronomik, ziyorat, etnik va madaniy turizm yo'nalishlari bilan tanishtirdi. Ishtirokchilar O'zbekistonda turizm sohasini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, sohani barqaror rivojlantirish bo'yicha me’yoriy-huquqiy bazani modernizatsiya qilish, shuningdek, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi haqida batafsil ma’lumotga ega bo'ldilar.

Nashrda qayd etilishicha, bo'lib o'tgan ikki tomonlama muzokaralar natijasida Germaniya sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi turizm dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, 2024-yil uchun qo'shma yarmarkalar, taqdimotlar va mavzuli kechalarni o'tkazish bo'yicha aniq rejalar belgilab olindi.

«Taqdimot oshpazlik tadbiri bilan yakunlandi. Haqiqiy o'zbek palovi tayyorlandi. O'zbek xalqining milliy taomi bo'lgan palovning mazasi barchaga manzur keldi. Bu o'zbek xalqining bag'rikengligi, samimiyligi va mehmondo'stligining ishorasidir», - deb yozilgan maqola so'nggida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish