O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Sentabr 24, 2026. 18:30 • 3 daq
• 177
TOSHKЕNT, 24-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov yurtimizga tashrif buyurgan Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida tomonlar turizm sohasida O‘zbekiston–Turkiya hamkorligini yanada rivojlantirish, tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish, infratuzilmani rivojlantirish hamda o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalalarini muhokama qildi.
Abdulaziz Aqqulov “Dunyo” AAga bergan intervyusida uchrashuv davomida O‘zbekistonda turistik infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda Turkiya tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
– Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildik. Turk tomonini bugun O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib, qator yo‘nalishlarda sheriklik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan turistik infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan master-rejalarni taqdim etdik.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Kappadokiya universiteti bilan birgalikda mamlakatdagi mavjud kurort va rekreatsiya hududlarini master-rejalar asosida rivojlantirish bo‘yicha katta tajribaga ega.
Mehmonlarga mutaxassislarimiz tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarimizni taqdim etdik. Ularni birgalikda takomillashtirish, qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazish hamda barcha jihatlarni hisobga olgan holda ushbu loyihalarni yanada takomillashtirib, tayyorlash bo‘yicha kelishib oldik.
O‘zbekiston va Turkiyaning turistik salohiyatini birgalikda targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdik. Yurtimiz turizmini targ‘ib qilish va tajriba almashish maqsadida Turkiyaning “GoTürkiye” Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdik.
Turkiyaning Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) bilan ta’lim sohasida hamkorlik qilish, ikki tomonlama almashinuvlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldik. Bu yo‘nalishda ham Turkiya Madaniyat va turizm vaziri bilan hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Biz kinematografiya, tibbiyot va turizmning boshqa turlarini rivojlantirish orqali sayyohlarni nafaqat mavsumiy davrda jalb qilish, balki ularning mamlakatimizda yil davomida bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan rejalarimizni taqdim etdik.
Turk tomoni mavjud aviareyslar sonini ko‘paytirish, ikki mamlakat aviakompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, turistik oqimni oshirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jahongir Saidovning ta’kidlashicha, bugungi kunda raqamli vositalar turistik yo‘nalishlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda tobora muhim rol o‘ynamoqda.
– Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining PR-markazi hamda Turkiyaning Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Turizmni raqamli platformalar orqali targ‘ib qilish sohasida tajriba almashish va qo‘shma ishlarni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan yana biri turistik infratuzilmani rivojlantirishdir. Biz O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining loyiha ofisi bilan Turkiyadagi Nevshehir Kappadokiya universiteti huzuridagi loyiha ofisi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishdik.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi