Logo

Malayziya poytaxtida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi

Iyun 24, 2025. 19:14 • 3 daq

89
Malayziya poytaxtida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi

KUALA-LUMPUR, 24-iyun. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi va Malayziyaning "Air Asia X" aviakompaniyasi tomonidan "O'zbekistonga "Air Asia" bilan sayohat" mavzusida yurtimizning turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri va "Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur" yo'nalishi bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlariga aviachiptalar sotuvining rasmiy ochilish marosimi tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Malayziya turizm, san'at va madaniyat vazirligi, "Tourism Malaysia" agentligi rahbariyati, taniqli blogerlar, sayyohlik kompaniyalari xodimlari hamda mahalliy OAV vakillari ishtirok etishdi.


O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev o'z nutqida ishtirokchilarga respublikamizda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida so'zlab berdi.


"Air Asia" aviakompaniyasi tomonidan shu yil 15-oktyabridan boshlab haftasiga uch marotaba to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarning yo'lga qo'yilishi O'zbekistonga Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan, shu jumladan Malayziyadan kelayotgan sayyohlar oqimini oshirishga hissa qo'shishi ta'kidlandi.


Yig'ilganlar e'tiboriga O'zbekiston Turizm qo'mitasi tomonidan taqdim etilgan Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm salohiyatiga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.


Tadbirda ishtirok etgan Malayziya turkompaniyalariga mamlakatimizning turizm dasturlari, jumladan "madaniy turizm", "ziyorat turizmi", "Umra+", "gastroturizm", "ishbilarmonlik turizmi" (MICE) kabi turpaketlari haqida batafsil ma'lumotlar taqdim qilindi.


O'zbekistonning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlari, o'zbek xalqining mehmondo'stligi ishtirokchilar orasida katta qiziqish uyg'otdi. Shuningdek, tadbirda respublika "Hunarmand" uyushmasi a'zosi ishtirokida milliy hunarmandchilik, amaliy san'at, yengil sanoat va ipak mahsulotlari ko'rgazma-savdosi o'tkazildi.


O'zbek gastronomik turizm salohiyatini namoyish qilish maqsadida tadbir doirasida O'zbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan Kuala-Lumpurga yuborilgan oshpazlar tomonidan milliy taomlar tayyorlandi va mehmonlarga ulashildi.


Benyamin Ismoil, "Air Asia" aviakompaniyasi Bosh ijrochi direktori:


 – "Air Asia X" aviakompaniyasi Janubiy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik kam byudjetli aviakompaniya hisoblanadi. Uning aviaparki 200 ta samolyotdan iborat.


Shu yil aprel oyida hamkasblarim bilan O'zbekistonda bo'ldik. Safar doirasida Buxoro, Samarqand viloyatlarida bo'ldik va bir qator ziyoratgohlar va turizm obyektlari bilan yaqindan tanishdik.


O'zbekiston iqtisodiyoti barqaror o'sayotganini va malayziyaliklarning ushbu Markaziy Osiyo mamlakatiga qiziqishlari ortib borayotganini inobatga olib, "Kuala-Lumpur – Toshkent" yo'nalishi bo'yicha aviaqatnovlarni yo'lga qo'yishga qaror qildik.


O'ylaymanki, mazkur aviaqatnovlar ikki mamlakat o'rtasidagi sayyohlar oqimining ko'payishiga va ishbilarmon doiralar vakillarining hamkorlik aloqalarini rivojlanishiga xizmat qiladi.


Akbal Setia, "Tourism Malaysia" agentligi marketing bo'yicha direktori:


– "O'zbekistonga "Air Asia" bilan sayohat" mavzusidagi turizm taqdimotida ishtirok etayotganimdan mamnunman. Tadbir doirasida O'zbekistonning turizm salohiyati Malayziya turkompaniyalari orasida jozibador yo'nalish sifatida targ'ib qilindi.


Ishtirokchilarga Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, "Umra plyus O'zbekiston", "ziyorat turizm" kabi turpaketlar haqida batafsil ma'lumot berildi.


Men 9-15-iyun kunlari Malayziyaning bir guruh turkompaniya vakillaridan iborat delegatsiyaga rahbarlik qilgan holda O'zbekistonda bo'ldim.


Ta'kidlashim joizki, mamlakatingizning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlari, o'zbek xalqining mehmondo'stligi Malayziya delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi. Respublikada sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar bizni quvontirdi.


O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi sayyohlar oqimi ko'payishidan manfaatdormiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish