Logo

O'zbekiston turizm salohiyati Parijda namoyish etildi

Oktabr 03, 2025. 13:31 • 3 daq

47
O'zbekiston turizm salohiyati Parijda namoyish etildi

PARIJ, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 23-25-sentyabr kunlari Fransiya poytaxti Parijda "IFTM Top Resa – 2025" ko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uch kun davom etgan ko'rgazma o'ttiz to'rt mingdan ortiq mehmonni jalb qildi. Unda 400 dan ortiq eksponent va butun dunyodan 1550 brend taqdim etildi.

Ko'rgazmada Turizm qo'mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi. O'zbekiston milliy stendida mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahri hamda Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarining zamonaviy sayyohlik imkoniyatlari namoyish etildi.

O'zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti doirasida mehmonlarga mamlakatimizning boy madaniy merosi, ekoturizm va ziyorat turizmi imkoniyatlari, mehmonxona va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha zamonaviy loyihalar taqdim etildi.

"Uzbekistan airways" AJ O'zbekiston va Fransiya o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviareyslarni amalga oshirish, yo'nalishlar tarmog'ini kengaytirish, qulay aloqa va xizmatlarni taklif qilish imkoniyatlarini taqdim etdi.

Tadbir doirasida Fransiya va Yevropaning yetakchi turoperatorlari, investorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan V2V formatida uchrashuvlar o'tkazildi. O'zbekiston sayyohlik brendini Yevropa sayyohlik bozorida ilgari surish, qo'shma marshrutlarni ishlab chiqish, sayyohlar oqimini ko'paytirishga alohida e'tibor qaratildi.

O'zbekiston san'at ustalari tomonidan taqdim etilgan madaniy dastur ko'rgazma ishtirokchilari va mehmonlarida katta qiziqish uyg'otdi.

Frederik Bopertuis-Bressan, Temuriylar san'ati va tarixini o'rganish assotsiatsiyasi prezidenti va hammuassisi:

–  O'zbekiston delegatsiyasini Fransiyada bo'lib o'tadigan eng yirik xalqaro sayyohlik ko'rgazmasida qutlash menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi. Ko'rgazmada dunyoning o'nlab mamlakatlari ishtirok etmoqda, O'zbekiston esa ajoyib stend va go'zal fotosuratlar bilan, nafaqat Temuriylar davri yodgorliklari, balki O'zbekistonda ko'rish mumkin bo'lmagan boshqa qadimiy joylar va tabiat manzaralari bilan ham ajoyib tarzda namoyon bo'lmoqda.

Siz mamlakatning ko'plab oshpazlik xususiyatlarini taqdim etdingiz va biz ularni bu yerda ko'rishimiz mumkin – bu quritilgan mevalar va boshqa ko'p narsalar – bu quyoshli mamlakatda qanday ajoyib xilma-xil mevalar yetishtirilishini namoyish etadi. Bu ham O'zbekistonda kashf etilishi mumkin bo'lgan narsalarning bir qismidir.

Silvi Billard-Tibo, "TDC Communication" kompaniyasi direktori:

 O'zbekiston sayyohlik jozibadorligi yuqori bo'lgan mamlakat bo'lib, respublikaga qiziqish Fransiyada tobora ortib bormoqda. Men buni juda ijobiy qabul qilaman. Chunki, O'zbekiston madaniyat, gastronomiya va odamlar bilan iliq uchrashuvlarni taklif qiladi.

Men fransuz tilida so'zlashuvchi bozorda ishlaydigan professional sifatida aytishim mumkinki, sayyohlar, albatta, qadimiy yodgorliklarni ziyorat qilishni xohlashadi, lekin ular mahalliy aholi bilan uchrashishni va nihoyatda xilma-xil mamlakatni kashf qilishni ham istaydi. O'zbekistonda esa, Urganchdan Xivagacha va, albatta, go'zal Samarqandda – hammasi hayratlanarli.

O'zbekiston hayratlantirishda davom etmoqda. Yildan-yilga mijozlarimizdan O'zbekistonga sayohat qilish bo'yicha so'rovlar ko'proq bo'lmoqda. Sayyohlar yurtingizga borishdan avval u yer haqida ko'p bilishmaydi, qaytib kelgach esa bir olam taassurotlar bilan o'rtoqlashmoqda.

O'zbekiston turizm qo'mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Parijdagi sayyohlik ko'rgazmasidagi ishtiroki doirasida Fransiyaning turizm agentliklari, jumladan, "Atout France" turizmni rivojlantirish agentligi, "SETO" turoperatorlari sindikati, "EdV" sayyohlik agentliklari uyushmasi vakillari bilan muzokaralar o'tkazdi.

Ushbu uchrashuvlarda turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, Fransiyadan mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko'paytirish masalalari muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish