O'zbekiston sayyohlik salohiyati Parijda namoyish etildi

Yanvar 23, 2024. 14:09 • 3 daq

• 634
O'zbekiston sayyohlik salohiyati Parijda namoyish etildi

PARIJ, 23-yanvar. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Parijdagi elchixonasida O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik xizmatlar byurosi va Toshkent shahridagi «SAMO Travel» sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda ishbilarmon va madaniy doira vakillari, «Interface tourism», "Dualest", "Amerasia", «Stimlive Travel»va boshqa tur kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Uchrashuv ishtirokchilari O'zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, uning iqtisodiyotdagi roli va hissasini oshirish, xizmatlar ko'rsatishni diversifikatsiya qilish va sifatini oshirish, sayyohlik infratuzilmasini yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.

O'zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatimizni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xususan, turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan ustuvor vazifalar alohida ta'kidlandi.

Tadbir doirasida respublikamizning turli hududlari, jumladan, Qashqadaryo viloyatining turizm imkoniyatlari taqdimoti bo'lib o'tdi, mavzuga oid videofilmlar namoyish etildi.

O'zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni bo'yicha Fransiya Yevropa davlatlari orasida yetakchi o'rinda ekani qayd etildi. 2023-yilda mamlakatimizga 20 mingdan ortiq fransuz sayyohlari keldi va bu pandemiyadan oldingi ko'rsatgichdan oshgan.

Taqdimot davomida o'zbek milliy taomlari taqdimoti ham o'tkazildi, bayramona palov tayyorlandi.

«TDC Communication» kompaniyasi direktori Silvi Biyllard-Tebo:

- Bugun O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotda ishtirok etganimdan juda xursandman. Taklif uchun O'zbekiston tomoniga minnatdorlik bildiraman. Versal shahrida joylashgan kompaniyamiz mamlakatingizga fransuz va yevropalik sayyohlarni jalb qilishda o'zbekistonlik hamkorlar bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni yo'lga qo'ygan.

Bugungi taqdimotda men O'zbekistonda turizmning ko'plab yangi imkoniyatlarini, jumladan, tog', sport, ekstremal va boshqa turlarini kashf etdim. Biz juda optimistmiz va O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.

«Stimlive Travel» sayyohlik kompaniyasi bosh direktori Stefan Bertrand:

- «Stimlive Travel»   kompaniyasi MICE-turizmiga ixtisoslashgan, ya'ni mijozlarimiz sayohat qilishni, korporativ uchrashuv va bayramlar, biznes konferensiyalari va seminarlar, jamoani shakllantirish, shuningdek, o'z xodimlarimiz uchun xorijda motivatsion turlar tashkil etishga ixtisoslashgan.

Kompaniyamiz mijozlarining ko'pchiligi dunyoning turli mamlakatlariga tashrif buyurgan yirik fransuz korxonalari va korporatsiyalarini ifodalaydi. Ular juda talabchan va har doim yangi istiqbolli sayohat yo'nalishlariga qiziqadi.

Bugun men O'zbekistonning turizm imkoniyatlari taqdimotida ishtirok etish uchun birinchi marta mamlakatingiz elchixonasiga tashrif buyurdim. Taqdimotda ishtirok etish meni o'zbek mehmondo'stligi an'analari, mamlakatimizda yaratilgan turizm infratuzilmasi, transport logistikasi, noyob tarixiy me'moriy obidalarni o'z ko'zim bilan ko'rish uchun ajoyib mamlakatingizga tashrif buyurishimga turtki bo'ldi. Va, albatta, kelajakdagi hamkorlik rejalarini tuzishga xizmat qiladi.

"Dualest" kompaniyasi bosh direktori Giyom Dyubyui:

– Kompaniyamiz O'zbekiston bilan bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatingizda turizm sohasi naqadar jadal rivojlanayotganini o'z ko'zimiz bilan ko'rdik. Imkoniyat darajasida biz ham bu jarayonda qatnashishga harakat qilamiz. Davlatingizda logistika infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish, jumladan, yangi aeroportlar, mehmonxonalar, dam olish maskanlarini barpo etishga katta e'tibor qaratilayotganidan yaxshi xabardormiz.

Fransiyada turizm sohasida ko'plab "nou-xau"lar mavjud. Ular Internet orqali mehmonxonalarni targ'ib qilish, turizm sohasida kadrlar tayyorlash, yangi startaplar va innovatsion kompaniyalarni rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Biz O'zbekistonning tegishli mutaxassislari bilan mazkur yo'nalishdagi tajribamizni bo'lishishimiz mumkin. Shu bois 16-18-aprel kunlari fransuz turizm mutaxassislari delegatsiyasi tarkibida O'zbekistonga tashrif buyurish va birgalikda qo'shma loyihalarni muhokama qilishdan mamnunmiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish