Tyanszin shahrida O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, madaniy va investitsion imkoniyati namoyish qilindi
Noyabr 22, 2025. 14:32 • 2 daq
• 168
TYANSZIN, 22-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan Xitoyning Tyanszin shahrida O'zbekiston–Xitoy (Tyanzin) savdo-iqtisodiy hamkorlik forumi hamda milliy mahsulotlar ko'rgazmasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi, Savdo-sanot palatasi hamda Tyanszin shahri Tijorat uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur forumda Tyanszin shahrining 300 dan ziyod ishbilarmon doiralari, tadbirkorlik uyushmalari, Savdo-sanoat palatalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O'zbekistoning savdo-iqtisodiy va investitsion salohiyati hamda mamlakatimizda xitoylik investorlar uchun yaratilayotgan qulay-sharoitlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Xususan, bu borada yurtimizning Qoraqalpog'iston Respublikasi va Farg'ona shahrida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi. Xitoylik tadbirkorlarni ushbu imkoniyatlardan faol foydalanishga taklif etildi.
"B2B" va "G2B" formatida o'tkazilgan uchrashuv va muzokaralar davomida o'zaro manfaatli bo'lgan qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Forum doirasida O'zbekiston stendi tashkil etilib, unda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlar namoyish etildi. O'zbekiston pavilyonidan joy olgan milliy liboslar, hunarmandchilik va qandolatchilik mahsulotlari, xalq amaliy san'atiga mansub buyumlar ekspozitsiyasi ko'rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi