Mashhur yapon telekanalining "Crazy Journey" dasturining navbatdagi soni O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlandi

Aprel 30, 2024. 09:13 • 2 daq

311
Mashhur yapon telekanalining "Crazy Journey" dasturining navbatdagi soni O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlandi

TOKIO, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Yaponiyaning "TBS" teleradiokompaniyasining "Crazy Journey" dasturining navbatdagi soni O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Crazy Journey"ning ushbu soni "Sato Markaziy Osiyoga yo'l oladi" nomi ostida ikki hafta davomida efirga uzatildi.

Teleko'rsatuvda O'zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan farqli o'laroq, yuqori sayyohlik salohiyatiga egaligi, mamlakatning qator shaharlari Buyuk ipak yo'lining chorrahasi sifatida qadimdan taraqqiyot markazi bo'lgani ta'kidlangan. Xususan, dasturda Toshkent, Samarqand va Xiva shaharlaridagi diqqatga sazovor joylar va ular haqidagi muhim ma'lumotlar tomoshabinlar e'tiboriga taqdim qilingan.

Dastur boshlovchisi o'zida islom me'morchiligi an'analarini saqlab kelayotgan O'zbekistonning ko'plab tarixiy obidalari YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro'yxatiga kiritilganini ta'kidlagan.

Ko'rsatuvda Toshkent shahridagi Chorsu bozoriga va poytaxt metrosiga alohida urg'u berilgan. "Bu yerda oziq-ovqatdan tortib suvenirlargacha sotiladi, shuningdek, o'zbek amaliy san'ati mahsulotlarining istalgan turini topish mumkin, — deydi jurnalist. —Toshkent metro bekatlari bo'ylar sayr qilish esa sizga o'zgacha zavq bag'ishlaydi. Metro bekatlarining har biri san'at asariga teng".

Teledastur yakunida Samarqand shahrining Registon maydoni haqida hikoya qilingan. Yaponiyalik jurnalist Registon maydoni turib buyuk o'tmish va o'ziga xos ulug'vorlikni his qilganini bildirgan.

"Moviy gumbazlar, baland minoralarning aniq hisoblab chiqilgan simmetrik shakllari, ulardagi murakkab naqshlar Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan ushbu qadim yurtning jahon ilm-fani tamadduniga qo'shgan hissasidan dalolat beradi", deya xulosa qiladi u.

"Crazy Journey" teleko'rsatuvi ijodkorlarining ushbu dasturni suratga olish maqsadidagi O'zbekistonga ijodiy safarlari o'tgan yilining 27-sentyabr - 1-oktyabr kunlari mamlakatimiz elchixonasi ko'magida tashkil etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish