O'zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati Polshaning Belostok shahrida taqdim etildi
Yanvar 23, 2025. 10:38 • 3 daq
• 74
BELOSTOK, 23-yanvar. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Madaniyat vazirligi va Toshkent farmatsevtika instituti vakillaridan iborat delegatsiyaning Polshaning Belostok shahriga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar O'zbekiston Prezidentining 2024-yil 15-martdagi "2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o'tkazilishiga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida uyushtirildi.
Tashrif davomida Belostok tibbiyot universitetida O'zbekiston turizm salohiyati, madaniyati, san'atiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Unda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida o'tkazilishi va uning ahamiyati haqida batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek, O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi. Unda o'zbek xalqining ko'p asrlik amaliy san'ati namunalari va boy madaniy merosi namoyish etildi hamda o'zbek san'at ustalari ishtirokida konsert dasturi taqdim etildi.
Ishtirokchilar Yangi O'zbekistonning madaniy merosi, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar va Samarqand shahrining tarixiy hamda turistik salohiyati haqidagi ma'lumotlar bilan batafsil tanishdilar.
Yig'ilganlar O'zbekistonning YUNESKO Bosh konferensiyasiga tayyorgarligini yuqori baholadilar.
Tadbir doirasida Toshkent farmatsevtika instituti va Belostok tibbiyot universiteti o'rtasida ilmiy-akademik hamkorlik bo'yicha kelishuv imzolandi.
Belostok tibbiyot universiteti rektori, professor Marsin Moniushko bilan alohida uchrashuv bo'lib o'tdi. Polyak tomoni O'zbekiston delegatsiyasi tashabbusini yuksak baholab, mazkur tashrif ikki mamlakat o'rtasidagi ta'lim, ilm-fan va farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam ekanini ta'kidladi.
Rektor Marsin Moniushko O'zbekiston Prezidenti rahbarligida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U O'zbekistonda ta'lim, ilm-fan va farmatsevtika sohalaridagi jadal rivojlanish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni katta qiziqish bilan kuzatayotganini bildirdi.
Polsha tomoni, shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti, balki Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Andijon davlat tibbiyot instituti bilan ham hamkorlikni yo'lga qo'yishga tayyorligini tasdiqladi.
Bundan tashqari, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvlar, qo'shma farmatsevtika va biotexnologiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan ekspertlar doirasida muzokaralar o'tkazilishi hamda 2025-yilda Belostok tibbiyot universiteti delegatsiyasining O'zbekistonga safari rejalashtirilgani ma'lum qilindi.
Uchrashuv yakunida Belostok tibbiyot universiteti va O'zbekistonning tibbiyot va farmatsevtika yo'nalishidagi yetakchi oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha qo'shma tadqiqot markazlari va loyihalarni amalga oshirish bo'yicha rejalar belgilab olindi.
Adam Rachinski, Belostok tibbiyot universiteti Xalqaro hamkorlik boshqarmasi xodimi:
– Tadbir tashkilotchilaridan biri bo'lganimdan nihoyatda xursandman. Shuningdek, o'zbekistonlik hamkasblarim va do'stlarim bilan uchrashishdan mamnun bo'ldim.
Ushbu tadbir O'zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishish uchun yaxshi imkoniyat bo'ldi. Qolaversa, hamyurtlarim betakror o'zbek milliy musiqasi va qo'shiqlaridan bahramand bo'lishdi. Bir so'z bilan aytganda, anjuman ajoyib tarzda kechdi.
Ketrin Ziyelinska, Belostok tibbiyot universiteti o'qituvchisi:
– Universitetda o'tkazilgan tadbirdan juda katta taassurot oldim. O'zbek madaniyatiga qoyil qoldim. Ayniqsa, o'zbek milliy qo'shiqlaridan juda ta'sirlandim. Menda O'zbekistonga safar qilish istagi uyg'ondi. Biz O'zbekistondagi tibbiyot va farmatsevtika oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga ham tayyormiz.
Voysex Miltik, Belostok tibbiyot universiteti Farmatsevtika fakulteti dekani, professor:
– Belostok tibbiyot universiteti va Toshkent farmatsevtika instituti o'rtasida muhim kelishuv imzolandi. Hujjat fan, ta'lim va farmatsevtika sanoati sohalarida hamkorlik qilishni nazarda tutadi.
Biz qo'shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Jumladan talabalar almashinuv dasturlari, magistrlik dissertatsiyalari bo'yicha tashabbuslar va ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Bugungi uchrashuv har ikki tomon uchun mustahkam va samarali hamkorlikning birinchi qadami bo'lib xizmat qiladi, deb ishonaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi