Logo

O'zbekiston elchisi Pokistondagi yetakchi OAV rahbarlari bilan uchrashdi

Noyabr 27, 2025. 16:58 • 2 daq

217
O'zbekiston elchisi Pokistondagi yetakchi OAV rahbarlari bilan uchrashdi

ISLOMOBOD, 27-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokistondagi markaziy "Associated Press of Pakistan" AAning diplomatik va global hamkorlik bo'yicha direktori Ali Raza Alvi hamda "DND News Agency" AA rahbari Ag'a Iqror Xarun bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot jarayonida elchi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida so'z yuritdi. Xususan, yurtimizda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish, jurnalistlarning erkin ijod qilishi uchun zarur shart-sharoit va huquqiy asoslar yaratilganini ta'kidladi.

Suhbat davomida O'zbekiston va Pokiston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollariga e'tibor qaratildi. Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etayotgani, savdo-iqtisodiy yo'nalishdagi yaqin sheriklik yangi bosqichga ko'tarilgani e'tirof etildi.

Ikki davlat va xalqni mushtarak tarix va madaniy meros, umumiy din va qadriyatlar birlashtirib turishi ta'kidlandi. Bu rishtalarni yanada mustahkamlash, yosh avlodning bilim va saviyasini oshirish maqsadida ikki tomon ommaviy axborot vositalari o'rtasida hamkorlik aloqalarni rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy yo'nalishdagi maqsadli ko'rsatkichlarga erishish, tovar aylanmasi hajmini yanada oshirish, ikki davlatning mavjud salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun biznes doira vakillarini ishonchli va batafsil axborot bilan ta'minlashning ahamiyati haqida ham to'xtalib o'tildi.

 Ali Raza Alvi ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun xususiy tashabbus ostida ishlaydigan maxsus ijtimoiy media platformasini yaratishni ko'rib chiqishni taklif qildi. Uning aytishicha, bunday platforma ma'naviy-ma'rifiy, musiqa, teatr, she'riyat, milliy oshxona va boshqa umumiy an'analarni o'z ichiga olgan madaniy yo'nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi.

 Ag'a Iqror Xarun OAV o'rtasidagi hamkorlikdan tashqari, tarixiy va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish muhimligini alohida ta'kidlab, O'zbekiston tarixi va milliy qadriyatlarini jamoatchilikka yetkazish uchun urdu tilida kitoblar tayyorlash va chop etishga tayyorligini bildirib o'tdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish