Logo

O'zbekiston bosh konsuli va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Madina bo'linmasi direktori hamkorlikning ictiqbolli yo'nalishlarini kelishib oldilar

Iyun 19, 2025. 16:14 • 2 daq

299
O'zbekiston bosh konsuli va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Madina bo'linmasi direktori hamkorlikning ictiqbolli yo'nalishlarini kelishib oldilar

MADINA, 19-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsuli Sirojiddin Shamsuddinov Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Madina shahridagi bo'limi direktori Ibrohim bin al-Ahmadiy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ibrohim bin al-Ahmadiy yurtimiz bosh konsulini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, Saudiya TIV Madina bo'limi tomonidan barcha masalalarda amaliy yordam ko'rsatilishini bildirdi.


O'zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga buyurgan tashrifidan so'ng turli sohalarda o'zaro hamkorlik jadallashgani va so'nggi yillarda delegatsiyalar almashinuvi faollashgani qayd etildi.


"O'zbekistonda islom dinining asl mohiyatini o'rganish va targ'ib qilish, diniy-ma'naviy merosni keng tadqiq etish borasida olib borilayotgan siyosatni yuqori baholaymiz. Islom dini ravnaqiga katta hissa qo'shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy singari buyuk ulamolarning bebaho ilmiy merosini birgalikda o'rganish muhim", – dedi Saudiya vakili.


Suhbat davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish yo'lidagi islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma'lumot berildi.


O'zbekiston-Saudiya Arabistoni o'rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik alohida o'rin tutishi qayd etildi. Ikki davlat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi aloqalarini kengaytirish uchun salmoqli salohiyat borligi hamda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishdan tomonlarning manfaatdorligi bildirildi.


Tomonlar O'zbekiston va Saudiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum va tadbirkorlar delegatsiyalarining ikki tomonlama tashriflarini uyushtirishga kelishib oldilar.


Suhbat yakunida o'zaro savdo-iqtisodiy, sayyohlik, ilm-fan va madaniyat sohalarida bo'lib o'tadigan xalqaro ko'rgazma, festival va konferensiyalar haqida o'zaro ma'lumot almashish hamda vakillar ishtirokini ta'minlash taklifi qo'llab-quvvatlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish