O‘zbekiston bosh konsuli va Rossiyaning Sverdlovsk viloyati sport vaziri hamkorlikning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib oldilar
Fevral 12, 2026. 15:22 • 2 daq
• 387
YEKATERINBURG, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston konsuli Jahongir Parmanov Sverdlovsk viloyati jismoniy tarbiya va sport vaziri Leonid Rapoport bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida bosh konsul davlatimizda sport yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar borasida to‘xtalib o‘tdi. Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, sportchilarni ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.
Yoshlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashish maqsadida Sverdlovsk viloyatidagi futbol, basketbol, xokkey, dzyudo, sambo va karate sport turlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘rtoqlik musobaqalarini o‘tkazish yuzasidan taklif va tashabbuslar bildirildi.
O‘z navbatida, Leonid Rapoport viloyatdagi ixtisoslashtirilgan va oliy taʼlim muassasalari negizida sport va jismoniy tarbiya sohasida oliy va qo‘shimcha kasbiy taʼlim olish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. U professional sport uchun malakali kadrlar tayyorlash sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirib o‘tdi.
Shu bilan birga, shu yilning may–iyun oylarida Namangan shahrida bo‘lib o‘tadigan 65-gullar festivali doirasida tashkil etiladigan sport musobaqalariga Yekaterinburg shahrining yosh futbolchilarini yuborishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidlab, o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda tayyorlashni kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi