Logo

Germaniyada o'tgan xalqaro futbol turnirida vatandoshlardan tuzilgan O'zbekiston terma jamoasi ikkinchi o'rinni egalladi

Avgust 21, 2025. 13:06 • 1 daq

40
Germaniyada o'tgan xalqaro futbol turnirida vatandoshlardan tuzilgan O'zbekiston terma jamoasi ikkinchi o'rinni egalladi

SHTAYNBAX-HALLENBERG, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Tyuringiya federal o'lkasi Shtaynbax-Hallenberg shahrida "Food-Ball-Cup" xalqaro futbol turniri va milliy taomlar festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Shahar meriyasi, Janubiy Tyuringiya savdo-sanoat palatasi hamda O'zbekiston bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi "Simson Private Akademie" kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Germaniyada yashovchi vatandoshlarimiz, turli millat vakillari va mahalliy aholi ishtirok etdi.

Mens-Arena stadionida o'tgan turnirda O'zbekiston, Germaniya, Vyetnam, Hindiston, Tunis, Mongoliya va Tojikiston jamoalari o'zaro kuch sinashdi. O'zbekiston sharafini Germaniyada istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlardan tuzilgan jamoa himoya qildi.

Qizg'in bellashuvlar natijasida finalga O'zbekiston va Germaniya jamoalari yo'l oldi. Hal qiluvchi bahsda mezbonlar g'alaba qozondi. O'zbekiston terma jamoasi esa ikkinchi o'rin bilan cheklandi.

Turnir yakunida yurtdoshlarimiz Rustamov Muhammadrasul "Eng yaxshi o'yinchi", Diyorbek Karimjonov "Eng yaxshi to'purar", Mirjalol Begimov esa "Eng yaxshi darvozabon" deb topildi.

Turnir doirasida tashkil etilgan milliy taomlar festivalida ishtirokchilar o'zbek to'y oshi, hind taomlari, Vyetnam shirinliklari va Tyuringiya bratvursti kabi taomlardan tatib ko'rdilar.

Tadbir, shubhasiz, millatlararo do'stlik va madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qildi.

E'tiborlisi, O'zbekiston vakillari nafaqat futbol maydonida, balki gastronomik yo'nalishda ham milliy salohiyatlarini yuqori darajada namoyon etishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish