Logo

Germaniyada Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi munosabatlariga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi

Oktabr 23, 2025. 17:40 • 2 daq

64
Germaniyada Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi munosabatlariga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi

VITTENBERG, 23-oktyabr. /"Dunyo"/. Germaniyaning Saksoniya-Anhalt federal o'lkasidagi "Akademie Sachsen-Anhalt e.V." akademiyasi ko'magida "Sharq–G'arb uchrashuvlari" jamg'armasi tomonidan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi munosabatlariga bag'ishlangan anjuman tashkil etildi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirning asosiy mavzusi Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar va ularning Yevropa Ittifoqi, ayniqsa Germaniya bilan o'zaro hamkorligi bo'ldi.

Dastur diplomatiya, ilm-fan, iqtisodiyot va fuqarolik jamiyati vakillarining ma'ruza va munozaralarini qamrab oldi. So'nggi yangiliklar, iqtisodiy tendensiyalar, fuqarolik jamiyatining davlat boshqaruvida ishtiroki, madaniy o'zini anglash hamda ularning OAVda yoritilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Germaniyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi Matias Mayer moderatorligi ostida Markaziy Osiyo respublikalarining Germaniyadagi elchilari ishtirokida "Yevropa va Markaziy Osiyo munosabatlarida qarashlar, manfaatlar va kutilayotgan natijalar" mavzusida panel muhokamalar tashkil etildi.

Unda mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov ishtirok etib, anjuman qatnashchilarini yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va ularning natijalari bilan tanishtirdi. O'zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalishlar, yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, Yevropa, xususan Germaniya bilan muloqot hamda amaliy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish borasida ishlar haqida aytib o'tildi.

Plenar va panel sessiyalarda qatnashchilarning faol ishtiroki Germaniya auditoriyasining Markaziy Osiyodagi islohotlar va modernizatsiya dinamikasiga, shuningdek Yevropa hamkorlari bilan yangi imkoniyatlarga bo'lgan qiziqishini yuqoriligini yana bir bor tasdiqladi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish