Islomobod shahrida O'zbekiston va Pokiston munosabatlarida ommaviy axborot vositalarining o'rniga bag'ishlangan seminar o'tkazildi
Oktabr 30, 2025. 11:36 • 2 daq
• 223
ISLOMOBOD, 30-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Yurtimiz elchixonasi tashabbussi bilan "Pokiston-O'zbekiston: OAV orqali tarix, madaniyat va savdoda o'sib borayotgan bosqich" mavzusida seminar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Pokiston Matbuot kengashi va "Tashkent Urdu" nashri bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda davlat vaziri – Pokiston Bosh vazirining milliy meros va madaniyat masalalari bo'yicha maxsus yordamchisi Huzayfa Rehman, Islomobod Savdo-sanoat palatasi katta vitse-prezidenti Tahir Ayub, Oliy sudi advokatlar uyushmasi prezidenti Vajid Gilani, O'zbekiston elchixonasi xodimlari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Pokiston Matbuot kengashi raisi Arshad Xan Jadun ochib berdi. U o'z chiqishida O'zbekiston va Pokistonni asrlar davomida bog'lab turgan madaniy va ma'naviy ildizlarga to'xtalib, media sohasi ikki mamlakat o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Davlat vaziri Huzayfa Rehman o'z nutqida, ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy va tarixiy hamkorlik zamonaviy davrda yangi mazmun kasb etayotganini ta'kidlab, matbuot sohasidagi aloqalarni rivojlantirish xalqlar o'rtasida o'zaro anglashuv va yaqinlashuvni jadallashtirishini qayd etdi.
Islomobod Savdo-sanoat palatasi katta vitse-prezidenti Tahir Ayub esa iqtisodiy va savdo munosabatlarning strategik ahamiyatiga to'xtalib, Transafg'on temir yo'l loyihasi va transport koridorlari ikki davlat uchun yangi bozor va investitsiya imkoniyatlarini ochishiga e'tiborni qaratdi. "Ikki davlat tadbirkorlari va ularni birlashtiruvchi tuzilmalar, jumladan savdo-sanoat palatalari va sohaviy uyushmalar o'rtasida aloqalarni kuchaytirish, qo'shma tadbirlarni tashkillashtirishning muhim", – dedi u.
Mamlakatimiz elchixonasi xodimi o'z navbatida, O'zbekiston va Pokiston munosabatlari siyosiy muloqot, savdo, ta'lim, madaniyat va mintaqaviy logistika sohalarida yangi strategik sheriklik bosqichiga kirganini ta'kidladi.
"O'zbekiston Pokistonni Janubiy Osiyo va jahon okeaniga olib chiquvchi "strategik eshik" sifatida ko'radi. Afg'oniston orqali Transafg'on temir yo'li loyihasi va savdo-transport koridorlari ikki davlatning uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlariga xizmat qiladi", – dedi diplomat.
O'zbekiston vakili, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xalqlar o'rtasida ishonch va tushunish muhitini yaratishda muhim o'rin tutishini ta'kidlab, o'tkazilayotgan seminarning Pokiston-O'zbekiston do'stligini mustahkamlashga hissa qo'shishiga umid bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi