Logo

Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi savdo aloqalarini yana-da mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi

Noyabr 18, 2025. 14:14 • 2 daq

61
Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi savdo aloqalarini yana-da mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 17-noyabr /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi (RCCI) prezidenti Usman Shavkat boshchiligidagi Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari delegatsiyasi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida RCCI prezidenti boshchiligidagi Pokiston biznes delegatsiyasining O'zbekistonga amalga oshirgan safari yakunlari muhokama qilindi.

Pokiston tomoni mazkur biznes-missiya davomida o'tkazilgan biznes-forum, B2B va V2G shaklidagi uchrashuvlar, O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan kechgan muzokaralar hamda Toshkentda bo'lib o'tgan 36-Xalqaro yutuqlarni taqdirlash marosimi va Biznes imkoniyatlari konferensiyasi ("International Achievement Awards and Business Opportunities Conference") ning yuqori darajada tashkil etilishida ko'rsatilgan yordam uchun mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi rahbariga minnatdorlik bildirdi.

 – Bir yuz ellikdan ortiq pokistonlik tadbirkorlar safar davomida O'zbekiston rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari bilan samarali muzokaralar o'tkazdi, – dedi Usman Shavkat. – Ularda Pokiston tadbirkorlari uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratish, qo'shma biznes loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish kabi ko'plab masalalar muhokama qilindi. Qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha 10 dan ziyod kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Pokistonning  yigirmadan ortiq kompaniyalari "Tashkent Pharma Park" faoliyati bilan tanishdi va o'zbekistonlik sheriklar bilan dori vositalarini mahalliylashtirish yuzasidan fikr almashdi. Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o'rtasidagi har qanday o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyormiz.

Uchrashuv davomida, shuningdek, O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o'zaro savdo hajmini

2 milliard dollarga yetkazish, birgalikda import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.

Tomonlar aniq qo'shma loyihalarni kelishish maqsadida ikki mamlakat hududlarida iqtisodiy tadbirlar, shu jumladan biznes-forum va biznes-missiyalarni birgalikda muntazam tashkil etish to'g'risida kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish