Logo

Londonda O'zbekistonga bag'ishlangan film taqdimoti bo'lib o'tdi

Noyabr 09, 2025. 12:27 • 2 daq

100
Londonda O'zbekistonga bag'ishlangan film taqdimoti bo'lib o'tdi

LONDON, 9-noyabr. /"Dunyo" AA/. Londonda nufuzli tarixchi va teleboshlovchi Bettani Xyuz ishtirokida tasvirga olingan "Bettani Xyuzning jahon xazinalari – O'zbekiston Oltin yo'l" nomli hujjatli film taqdimoti o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimot marosimida Buyuk Britaniyaning turli vazirlik va idoralari rasmiylari, xorijiy mamlakatlar diplomatlari, ilmiy-akademik va ekspert-tahliliy doira vakillari, taniqli san'atshunoslar, nufuzli ishbilarmonlar, sayyohlik kompaniyalari mas'ullari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.

"Bettany Hughes' Treasures of the World – Uzbekistan The Golden Road" hujjatli filmi O'zbekistonning boy madaniy merosi, tarixiy yodgorliklari va "Ipak yo'li" merosini keng jamoatchilikka tanitishga qaratilgan bo'lib, u xalqaro auditoriya uchun yurtimiz tarixini yangi nuqtai nazardan ochib berishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur hujjatli filmi Londondagi nufuzli telekanallaridan biri – "Channel 4" telekanalida ham namoyish etildi. Hozirda mazkur telekanal auditoriyasi juda keng bo'lib, uni Angliyadan tashqari, Shotlandiya, Uels, Irlandiya shaharlarida 50 million nafarga yaqin tomoshobin kuzatib boradi.

 Taqdimot doirasida ikki tomonlama madaniy hamkorlikni rivojlantirish, O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ'ib etish hamda mamlakat imijini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Taqdimot yakunida ishtirokchilar bunday hujjatli filmlar O'zbekistonning madaniy merosini dunyo hamjamiyatiga keng tanitishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab, bu kabi medialoyihalarni kelgusida ham tashkil etish bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish