O'zbekiston elchisi Hindiston Tashqi ishlar vazirligida ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

Fevral 02, 2024. 14:39 • 2 daq

• 1520
O'zbekiston elchisi Hindiston Tashqi ishlar vazirligida ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

DEHLI, 2-fevral. / "Dunyo" AA/. O'zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston Tashqi ishlar vazirligida ishonch yorliqlarining nusxasini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashqi siyosat mahkamasida bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida O'zbekiston-Hindiston yaqin hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. So'nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib, barcha sohalarni qamrab olayotgani, bunga davlat yetakchilari o'rtasidagi o'zaro ishonch va do'stlik munosabatlari mustahkam asos bo'layotgani alohida ta'kidlandi.

O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning natijalari haqida taqdim etilgan ma'lumot katta qiziqish bilan kutib olindi.

Hindiston tashqi ishlar vazirligi Protokol xizmati boshlig'i Anshuman Gaur Hindiston hukumati tomonidan O'zbekiston bilan serqirra hamkorlikni faol rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidlab, kelgusida ikki davlat sheriklik munosabatlari yanada yuqori darajaga ko'tarilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv chog'ida O'zbekistonning Hindistondagi yangi tayinlangan elchisiga o'zaro munosabatlarni izchil rivojlantirish yo'lidagi mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev 25-yanvar kuni Dehliga yetib kelgan edi. U 2020-2023-yillarda Dehlidagi diplomatik missiyani boshqargan va 2023-yil sentyabr oyida O'zbekistonning Germaniyadagi elchisi etib tayinlangan Dilshod Axatov o'rniga tayinlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish