Logo

Pekinda O'zbekiston xalq amaliy san'ati va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

Avgust 22, 2025. 15:40 • 2 daq

76
Pekinda O'zbekiston xalq amaliy san'ati va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

PEKIN, 22-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida O'zbekiston xalq amaliy san'ati va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Xitoy madaniyati, san'ati, turizm sohasi, OAV hamda O'zbekiston sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekistonda turizm sohasi faol rivojlanib, barqaror iqtisodiy o'sish drayverlaridan biriga aylanayotgani ta'kidlandi.

Ishtirokchilar yurtimizning xalq amaliy san'ati, O'zbekistonda sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy turistlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, mamlakatimizning turizm salohiyati va imkoniyatlari bilan tanishdilar.

O'zbek va xitoy xalqlari madaniy-gumanitar sohada tarixiy rishtalar bilan o'zaro bog'langanligi xususan, O'zbekiston – Xitoy do'stligini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining ulkan ahamiyati tobora yaqqol bo'lib borayotganligi so'zlab berildi.

Mamlakatlarimiz o'rtasida madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, ta'lim, sog'liqni saqlash, sport, turizm sohalarida hamkorlik qilishning mustahkam institutsional asoslari shakllangani qayd etildi.

Ta'kidlanganidek, o'zbekistonlik yoshlarning xitoy tilini o'rganishga, tarixi va madaniyatini bilishga xuddi shunday xitoylik yoshlarning ham o'zbek tilini o'rganish, mamlakatimiz tarixi, madaniyati, xalqimiz urf-odatlari bilan yaqindan tanishishga qiziqishi ortib bormoqda.

Ishtirokchilarga Xitoy tili O'zbekistonning nafaqat oliy ta'lim muassasalarida, balki maktablarida ham ta'lim dasturi kirilgani, Toshkent va Samarqand shaharlarida Konfutsiy institutlari faoliyat yuritayotgani bildirildi.

Mamlakatlarimizning tarixiy va madaniy yaqinligi faol turizm almashinuvlari rivoji uchun ham qulay sharoit yaratmoqda. Shuningdek, O'zbekiston Xitoy sayyohlik guruhlari tashrif buyurishi uchun tavsiya etilgan mamlakatlar ro'yxatiga kiritilgan.

Bundan tashqari, 2025-yilning 1-iyundan O'zbekiston va Xitoy o'rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kirgani urg'ulandi.

2025-yil "Xitoyda O'zbekiston turizm yili" deb e'lon qilingan va uning doirasida Pekin, Shanxay, Guanchjou, Xanchjou, Sian, Tyanszin, Shenchjen, Chendu, Chunsin, Sindao, Urumchi, Qashg'ar, Gongkong hamda boshqa ko'plab shaharlarda turli madaniy, turistik va iqtisodiy tadbirlar o'tkazilmoqda.

Shuningdek, O'zbekistonda xitoylik turistlar uchun qulay muhit yaratishga yo'naltirilgan standartlar ya'ni "China Friendly" tizimi faol joriy etilayotgani hamda ushbu tashabbus doirasida aeroportlar, mehmonxonalar va restoranlarda xitoy tilidagi menyular, yozuvlar va yo'l ko'rsatkichlar o'rnatilayotgani ta'kidlandi.

Tomonlarning sa'y-harakatlari natijasida ayni vaqtda O'zbekiston va Xitoy aviakompaniyalari ikki mamlakat shaharlari o'rtasida yo'lga qo'ygan aviaqatnovlar soni haftasiga 60 dan oshdi.

O'zbek tomoni yaqin kelajakda ushbu aviaqatnovlar sonini har haftasiga 100 taga va O'zbekistonga boruvchi xitoylik turistlar sonini 1000000 taga yetkazishni maqsad qilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish