Polshada Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud sanalariga bag'ishlangan shaxmat turniri o'tkazildi
Fevral 20, 2024. 12:37 • 2 daq
• 194
VARSHAVA, 20-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan «Collegium Humanum» Varshava menejment universitetida ulug' mutafakkirlar Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan shaxmat bo'yicha xalqaro turnir o'tkazildi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.

Turnirda Polsha yetakchi banklari, kompaniyalari, oliy ta'lim muassasalari vakillari va hamyurtlarimiz o'zaro dona surishdi.
Elchixona vakillari tadbirning ochilish marosimida so'zga chiqib, ikki buyuk mutafakkir bobolarimiz hayoti va ijodi to'g'risida batafsil ma'lumot berdilar. Shuningdek, Navoiy va Bobur merosiga bag'ishlangan hujjatli videofilm namoyish etildi.
Diplomatlar shaxmat azaldan ota-bobolarimizning sevimli intellektual mashg'uloti bo'lganini, ko'plab tarixiy shaxslar, olim-u ulamolarimiz shaxmat o'ynagani haqidagi aniq ma'lumotlar borligini ta'kidladilar.
Bundan tashqari, yurtimizda ushbu sport turi so'nggi yillarda yoshlar o'rtasida yanada ommalashayotgani, bu borada yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar va yosh «aql gimnastikachilarimiz» erishayotgan yuksak natijalar alohida aytib o'tildi.
«Collegium Humanum» universitet rektori Pavel Charneskiy o'z navbatida, O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi mustahkam do'stlik, sherikchilik va hamkorlik aloqalariga to'xtalib o'tdi.
«Buyuk o'zbek shoirlari va davlat arboblari xotirasidagi bag'ishlangan shaxmat bo'yicha xalqaro turnir O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi sport, madaniy va tarixiy aloqalarning mustahkamligidan dalolat beradi. O'zbekiston elchixonasiga ushbu musobaqani tashkil etishga ko'rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildiraman. Bu kabi sport tadbirlari ikki mamlakat yoshlari o'rtasidagi o'zaro do'stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz kelgusida ko'plab sport turlari bo'yicha musobaqalarni birgalikda o'tkazish tarafdorimiz», - dedi Pavel Charneskiy.
Ushbu musobaqa juda keskin va qiziqarli bahs-munozaralarga boy tarzda o'tdi. Yakuniy natijalarga ko'ra, g'oliblikni qo'lga kiritgan grossmeysterlikka da'vogarlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg'alar bilan taqdirlandi.
Turnir g'olibi Yakub Suliborski:
- Bugungi musobaqada ishtirok etganimdan juda xursandman. Bellashuvlar juda shiddatli kechganiga qaramasdan yakunda g'olib bo'lib musobaqaning yuqori shohsupasidan o'rin oldim. Fursatdan foydalanib, turnir tashkilotchilari — O'zbekiston elchixonasi va «Collegium Humanum» universitetiga o'z minnatdorligimni bildiraman.
2-o'rin sohibi Jeyxun Xuseynzode:
- Bugungi turnir qiziqarli va shiddatli tarzda kechdi. Birinchi uchrashuvda mag'lub bo'lsamda, qolgan oltita partiyada g'alabaga erishdim. Yakunda ikkinchi o'rinni egalladim. O'ylaymanki, bu kabi turnirlar davomiy bo'ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi