Logo

O'zbekiston elchisi Polsha Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Dekabr 09, 2023. 10:49 • 1 daq

1456
O'zbekiston elchisi Polsha Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

VARSHAVA, 9 dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Amirsaid A'zamxo'jayev Polsha Prezidenti Anjey Dudaga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimot marosimi Polsha rahbarining rasmiy qarorgohi – Varshavadagi Belvedere saroyida bo'lib o'tdi.

Rasmiy marosim doirasida bo'lib o'tgan suhbat chog'ida Polsha Prezidenti barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da faollashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Polsha O'zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va istiqbolli hamkor deb bilishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashi alohida ta'kidlandi.

Qayd etilganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston-Polsha hamkorligi, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli darajada mustahkamlanib, yangi va amaliy mazmun bilan to'ldirildi. Polsha ishbilarmon doiralarida o'zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirishga qiziqish ortib bormoqda. Ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish uchun salmoqli salohiyat mavjud.

Polshalik general Vladislav Andersning askarlari dafn etilgan maskanni obod etish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar uchun O'zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirildi.

Ishonch yorliqlari topshirilgandan so'ng elchi Varshavadagi Noma'lum askar qabriga gulchambar qo'yish marosimi qatnashdi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning yangi elchisi 7 noyabr kuni Varshavaga tashrif buyurgan edi. Bunga qadar u TIVning Konsullik-huquqiy departamentida, O'zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli lavozimlarida ishlagan. Diplomat 38 yoshda. Toshkent davlat jahon tillari universitetini tamomlagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish