Saudiya Arabistoni yoshlari O'zbekiston universitetlarida o'qishga qiziqish bildiryapti
Iyul 29, 2025. 17:30 • 2 daq
• 87
JIDDA, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston bosh konsuli Sirojiddin Shamsuddinov Saudiya Arabistoni Ta'lim vazirligining Jidda bo'limi bosh kotibi Manal binti Muborak bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Saudiya vakilasi yurtimizda so'nggi yillarda oliy ta'limni tizimli isloh qilish, innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari bilan tanishtirildi. Mamlakatimizda yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bandligini ta'minlash, ularni xorijiy tillar, zamonaviy kasblarga o'qitish va sportga jalb qilish bo'yicha dasturlar haqida ta'kidlandi.
Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqotlar markazi, Toshkent xalqaro islom akademiyasi va davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi ma'rifiy maskanlar faoliyati qayd etildi. Shuningdek, Bosh konsulxona huzurida "O'zbek tilini o'rgatish markazi"ni ochish taklifi bildirildi.
Saudiya Arabistoni Ta'lim vazirligining Jidda bo'limi bosh kotibi o'z navbatida, mazkur tashabbusni har tomonlama qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Bosh kotib Manal binti Muborakning aytishicha, Saudiya Arabistoni O'zbekistonning islom sivilizatsiyasining beshigi sifatidagi o'rnidan kelib chiqib, mamlakatimiz bilan hunarmandchilik, amaliy san'ati buyumlarini yasash, xattotlik, yog'och o'ymakorligi, miniatyura san'ati, kashtachilik va gilam to'qish sohalarida hamkorlik o'rnatishdan manfaatdor.
"Ushbu yo'nalishdagi hamkorlik doirasida Saudiya yoshlari va murabbiylari uchun O'zbekistonga qisqa muddatli o'quv kurslari va master-klasslar tashkil etishni taklif qilamiz", – dedi u.
Muloqot chog'ida, shuningdek, Jidda, Makka va Madinadagi oliy ta'lim muassasalarida O'zbekiston fuqarolari uchun, O'zbekistonning tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi va muhandislik yo'nalishlaridagi universitetlarida saudiyalik yoshlar uchun grantlar ajratish imkoniyatlari ham ko'rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi