Logo

Gender tenglikni ta'minlash va ayollar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo'yicha O'zbekiston tajribasi Polshada taqdim etildi

Mart 08, 2024. 13:26 • 3 daq

271
Gender tenglikni ta'minlash va ayollar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo'yicha O'zbekiston tajribasi Polshada taqdim etildi

VARSHAVA, 8-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Polshadagi elchixonasida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga munosabati bilan "O'zbekistonda gender tenglikni ta'minlash" mavzusida davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

Anjumanda Polsha madaniyat va milliy meros vaziri o'rinbosari Bojena Jelazovska, Kasaba uyushmalari ittifoqi, Yevropa integratsiyasi klubi, Polsha Ayollar ligasi assotsiatsiyasi va OAV vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev tadbirning ochilish qismidagi nutqida ishtirokchilarni 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy qutladi.

Davra suhbati ishtirokchilariga O'zbekistonda gender tenglikni ta'minlash, ayollarga nisbatan zo'ravonlik va kamsitishning oldini olish hamda xotin-qizlarni qo'llab quvvatlash va ularning manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash va ularni qo'llab-quvvatlash maqsadida so'nggi ikki yilda mamlakatimizda 40 dan ortiq hujjatlar qabul qilingani qayd etildi. Xususan, O'zbekistonda gender tenglikka erishish milliy strategiyasi amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Polsha madaniyat va milliy meros vaziri o'rinbosari Bojena Jelazovska  o'z chiqishida, 2022-yilda O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifini iliq yodga oldi. U O'zbekistonda gender tenglikni ta'minlash, ayollarning jamiyatda tutgan o'rni bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar tahsinga sazovorligini ta'kidladi.

"Mamlakatingizda tadbirkorlik subyektlari orasida ayollar ulushini oshirish, ishbilarmon xotin-qizlar loyihalari uchun imtiyozli kredit berilayotgani ushbu yo'nalishda olib borilayotgan ishlarga katta e'tibor qaratilayotganining isbotidir." — dedi Bojena Jelazovska.

Polsha ayollar ligasi Assotsiatsiyasi raisi Aldona Mixalak yurtimizda gender tenglik borasida oqilona siyosat olib borilayotgani, davlat muassasalarida faoliyat olib boruvchi ayollar soni 35 foizni tashkil etayotganiga e'tibor qaratdi.

Kasaba uyushmasi ittifoqi raisi o'rinbosari Barbara Popelars o'z nutqida, Polshada erkak va ayol xodimlar oylik maoshida sezilarli tafavvud mavjudligi, ammo O'zbekistonda bu borada farqning yo'qligi alohida e'tirofga sazovorligini bildirdi. Uning aytishicha, ayollar farovonligini ta'minlashda ularning ish faoliyati jarayonida zarur shart-sharoitlarni yaratish va mehnatiga loyiq maosh tayinlash asosiy omillardan biridir.

Davra suhbati yakunida Polsha madaniyat va milliy meros vaziri o'rinbosari Bojena Jelazovska, Ayollar ligasi assotsiatsiyasi raisi Aldona Mixalak O'zbekiston-Polsha madaniyatlarini targ'ib qilish yo'lida qo'shgan hissasi uchun "Gloriya artist" ko'krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Polsha Ayollar ligasi assotsiatsiya vitse-prezidenti Silviya Rojiska Yarosh:

—Men O'zbekiston diplomatik missiyasi tomonidan tashkil etilgan o'ziga xos tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman. Uchrashuv davomida biz O'zbekiston qonunchiligi, gender tenglikka erishish, ayollar haq-huquqlarini ta'minlash borasida ko'pgina ma'lumotlarga ega bo'ldik. Ayollarning nafaqat jamiyatdagi balki biznes sohasida tutgan muhim o'rni va davlatingiz rahbari darajasida xotin-qizlarga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor tahsinga loyiq.

O'zbek ayollariga barcha ezgu tilaklarimni yo'llayman.

Polsha ayollar ligasi assotsiatsiya raisi Aldona Mixalak

— Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirga taklif uchun O'zbekiston elchixonasiga minnatdorlik bildiraman. Sermahsul o'tgan uchrashuvda O'zbekistonda davlatingiz rahbari boshchiligida so'nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar, ayollarning jamiyatda tutgan muhim o'rni borasida fikr almashdik. Biz o'zbek ayollarining mamlakat taraqqiyotiga qo'shayotgan munosib hissasini e'tirof etamiz va ular bilan tajriba almashishga tayyormiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish