O'zbekiston va Pokiston atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni jadallashtiradi
May 26, 2025. 12:35 • 2 daq
• 97
ISLOMOBOD, 26-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston iqlim o'zgarishi va atrof-muhit masalalarini muvofiqlashtirish federal vaziri Musadik Masud Malik bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muzokaralar chog'ida iqlim o'zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va qayta tiklash, yashil energetika, suv resurslarini oqilona boshqarish, barqaror rivojlanish sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Pokiston tomoniga O'zbekistonda iqlim o'zgarishiga qarshi kurash, ekologik barqarorlikni ta'minlash va yashil energetikani rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Federal vazir shu yilning aprel oyida bo'lib o'tgan birinchi Samarqand iqlim forumidagi ishtirokini iliq xotirlab, O'zbekiston tomonidan iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, "yashil" energetika va ekologik barqarorlik sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarni yuksak baholadi. U mazkur forum mamlakatimizni iqlim muammolariga nisbatan qat'iy siyosiy iroda va amaliy yondashuv namoyon etganini ta'kidladi.
"Safar davomida O'zbekistonda shaharlar va hududlarni obodonlashtirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalarini keng joriy etish sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdim, – dedi u. – Mamlakatimizning bu boradagi tajribasi nafaqat Markaziy Osiyo, balki qo'shni mintaqalar uchun ham ilg'or namunadir".
Pokiston vaziri, shuningdek, O'zbekiston bilan iqlim o'zgarishi va qayta tiklanadigan energetika sohalaridagi oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi "birodar universitetlar" aloqalarini o'rnatish, O'zbekistonning "Yashil makon" va "Yashil Pokistonni kengaytirish" dasturlari doirasida hamkorlikni kuchaytirish, jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan qo'shma tadbirlar o'tkazish hamda ekologik sheriklikni mustahkamlash maqsadida ikki tomonlama huquqiy bazani yaratishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan barcha yo'nalishlar bo'yicha amaliy ishchi aloqalarni davom ettirish va ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiluvchi loyihalar ustida faol ishlashga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi