O‘zbekiston va Vengriya tibbiyot tizimi bo‘yicha hamkorlik qiladi
Fevral 12, 2026. 16:16 • 2 daq
• 332
BUDAPESHT, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Elchixona tomonidan Vengriya Ichki ishlar vazirligining sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Yudit Bidlo bilan muloqot tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda tomonlar sog‘liqni saqlash sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha Hukumatlararo hamkorlik bitimini ishlab chiqish, vengriyalik mutaxassislar ishtirokida O‘zbekistonda jarrohlik operatsiyalari o‘tkazish masalalarida fikr almashildi. Muloqot davomida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining Vengriyaga tashrifini tashkil etish bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralarda Vengriya tomoni onkologiya, neyroxirurgiya, transplantologiya, endokrinologiya, kardioxirurgiya va boshqa sohalarda qo‘shma operatsiyalarni o‘tkazish uchun o‘z mutaxassislarini O‘zbekistonga yuborish orqali O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Yudit Bidlo o‘zbekistonlik shifokorlar bilan birgalikda davolash va qo‘shma jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishni muhokama qilish uchun telemeditsina orqali onlayn tibbiy maslahatlarni tashkil etishni taklif qildi.
Sog‘liqni saqlash direksiyasi rahbariyati 2026-yilda oliy darajadagi tashrif chog‘ida imzolanishi mumkin bo‘lgan O‘zbekistondan Vengriyaga 12 nafar bemorning qisman bepul davolanishini nazarda tutuvchi Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning yangi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga rozi bo‘ldi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Vengriya Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqish va imzolash taklifini qo‘llab-quvvatladi. Hujjat O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining 2026 yilda Vengriyaga tashrifi chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi