Logo

O'zbekistonning boy madaniyati va sayyohlik salohiyati Bishkekda o'tkazilgan diplomatik xayriya yarmarkasida namoyish etildi

May 18, 2025. 13:52 • 2 daq

50
O'zbekistonning boy madaniyati va sayyohlik salohiyati Bishkekda o'tkazilgan diplomatik xayriya yarmarkasida namoyish etildi

BISHKEK, 19-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi diplomatlari Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan bahorgi diplomatik xayriya yarmarkasida ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir davomida O'zbekiston, Hindiston, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Mo'g'uliston, Germaniya, Turkiya, Eron, Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qatar kabi davlatlar o'zining boy madaniyati va an'analarini namoyish etdi.

Xayriya yarmarkasi doirasida mamlakatimiz madaniyati, an'analari va sayyohlik imkoniyatlarini targ'ib qilish maqsadida O'zbekiston pavilyoni tashkil etildi. Unda mamlakatimizning xalq amaliy san'ati va hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.

Ishtirokchilarga yurtimizda sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar to'g'risida batafsil ma'lumot beruvchi taqdimot materiallari, bukletlar va risolalar tarqatildi. Shuningdek, elchixona xodimlari va ularning oila a'zolari tomonidan o'zbek milliy taomlari tayyorlandi va tarqatildi.

Ta'kidlash joizki, o'zbek pavilyoni mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi. Yig'ilganlar mamlakatimizning tarixiy shaharlariga borish va boy madaniy merosini ko'rish istagini bildirdilar.

Yarmarkaning madaniy qismida diplomatlar va san'at ustalari tomonidan konsert dasturi taqdim etildi. Jumladan, Qirg'izistondagi O'zbek milliy madaniy markazi yosh san'atkorlari ijrosidagi o'zbek milliy qo'shiqlari va raqslari ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.

Yarmarkaga tashrif buyurgan Qirg'iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev O'zbekiston pavilyonini yuqori baholadi va mamlakatimiz diplomatlariga ishtirok uchun minnatdorlik bildirdi.

Mazkur yarmarkadan tushgan barcha mablag'lar Qirg'izistondagi bolalar uylariga yo'naltirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish