Buyuk Britaniya parlamentida Transkaspiy yo'lagiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi
Aprel 23, 2025. 18:55 • 2 daq
• 204
LONDON, 23-aprel. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasida Transkaspiy transport yo'lagini rivojlantirish bo'yicha mintaqaviy aloqalarga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir Kaspiy siyosat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi va keng doiradagi ishtirokchilarni, jumladan, Buyuk Britaniya va Kaspiy mintaqasining rasmiy, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillarini jamladi.
Muhokamalar transport, energetika, barqaror ta'minot zanjirlari va muhim foydali qazilmalar sohasidagi hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini qamrab oldi. Transkaspiy yo'lagining o'rni, shuningdek, Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekistonning global logistika va energetika barqarorligini ta'minlashdagi ahamiyati ortib borayotganiga alohida e'tibor qaratildi.
Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston elchisi Ravshan Usmonov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, transport va energetika sohalarida strategik ustuvor vazifalar haqida batafsil ma'lumot berdi. O'zbekiston Prezidenti tomonidan xalqaro maydonlarda, jumladan, Samarqand xalqaro iqlim forumi va "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" sammitida ilgari surilgan muhim tashabbuslar haqida ta'kidlandi. Asosiy e'tibor "yashil" energiya, barqaror logistika markazlari va suv diplomatiyasini rivojlantirishga qaratildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga O'zbekistonda bo'lib o'tadigan bir qator muhim xalqaro tadbirlar, jumladan, BMT Davlat xizmatlari forumi va "Markaziy Osiyo – KADHK" sammiti va boshqa anjumanlar to'g'risida ma'lumot berildi.
Anjuman xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashga qiziqishi juda yuqori ekanini namoyon etdi. Ishtirokchilar mintaqa davlatlarining transport va energetika yo'nalishlarini diversifikatsiya qilish borasidagi sa'y-harakatlari, shuningdek, barqaror, o'zaro bog'liq va ekologik toza global iqtisodiyotni shakllantirishda to'laqonli ishtirokchilar sifatidagi roli ortib borayotganini ta'kidladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi