Logo

Belgiyaning Mons shahrida "Qurolli Kuchlar — Yangi O'zbekiston barqarorligini ta'minlashning ishonchli kafolatidir" mavzusida taqdimot o'tkazildi

Mart 28, 2024. 14:41 • 2 daq

177
Belgiyaning Mons shahrida "Qurolli Kuchlar — Yangi O'zbekiston barqarorligini ta'minlashning ishonchli kafolatidir" mavzusida taqdimot o'tkazildi

BRYUSSEL, 28-mart. /"Dunyo" AA/. Belgiyaning Mons shahridagi NATOning operatsiyalar bo'yicha Birlashgan Qurolli kuchlar qo'mondonligi bosh qarorgohida Tashkilotga sherik mamlakatlarning milliy harbiy vakillari muvofiqlashtiruvchi qo'mitasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda 40 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan 30 dan ortiq NATOga sherik mamlakatlarning milliy harbiy vakillari va tashkilot xodimlari ishtirok etdi.

Yig'ilish davomida O'zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi xodimlari tomonidan "Qurolli Kuchlar — Yangi O'zbekiston barqarorligini ta'minlashning ishonchli kafolatidir" mavzusida taqdimot o'tkazildi. Unda mamlakatimiz Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning asosiy mazmun-mohiyati haqida batafsil ma'lumot berildi.

Mamlakatimizning kelgusi rivojlanish yo'li, ichki va tashqi siyosatini belgilab beruvchi konseptual hujjat — "O'zbekiston-2030" strategiyasida O'zbekiston Qurolli Kuchlari oldida turgan ustuvor vazifalar alohida qayd etildi.

Ta'kidlanganidek, mazkur hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda jahonda sodir bo'layotgan murakkab global jarayonlar inobatga olingan. Shuningdek, boshqaruv tizimini takomillashtirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar va qo'shinlarning jangovar tayyorgarligi samaradorligini oshirish, harbiy xizmatchilarning kasb mahoratini takomillashtirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga ham alohida e'tibor qaratildi.

Bundan tashqari, harbiy okruglar va mahalliy davlat hokimiyati organlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlik darajasini sezilarli darajada oshirishga yordam beradigan harbiy ma'muriy sektorlar faoliyati haqida ham aytib o'tildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish