Logo

Dehlida O'zbekistonning boy me'morchilik va san'at an'analari taqdim etildi

Noyabr 12, 2025. 07:50 • 2 daq

282
Dehlida O'zbekistonning boy me'morchilik va san'at an'analari taqdim etildi

DEHLI, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Dehlidagi Jamiya Milliya Islomiya universitetida o'tkazilgan xalqaro konferensiya doirasida O'zbekistonning boy me'morchilik va san'at an'analari taqdim etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev o'zbek xalqining jahon san'at va me'morchilik xazinasiga qo'shgan bebaho hissasi haqida so'z yuritdi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarda qad rostlab turgan boy tarixiy meros ko'p asrlik an'analar hamda me'morchilik mahoratining yorqin ifodasi ekanligi alohida ta'kidlandi.

Forum ishtirokchilari O'zbekiston me'morchilik san'atiga xos bo'lgan yorqin ranglar, shakllar va xattotlikning noyob uyg'unligini yuqori baholadi.

Konferensiyada ikki mamlakat o'rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy o'zaro bog'liqlikka e'tibor qaratildi. Xususan, asrlar davomida Markaziy Osiyo va Hindiston me'morlari hamda quruvchilari bir-birlari tomonidan bunyod etilgan noyob inshootlardan ilhom olgani qayd etildi.

Bunga yorqin misol sifatida Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi va Agradagi mashhur Toj-Mahal o'rtasidagi o'xshashliklar keltirildi. Mazkur obidalar simmetriya, ulug'vor peshtoqlar va boy inkrustatsiya uslublaridan foydalanish borasida yaqin bo'lib, ikki xalqni birlashtiruvchi buyuk meros hisoblanadi.

Xalqaro anjumanda shu kunlarda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo'lib o'tayotgani alohida urg'ulandi. Bunday nufuzli tadbirning qadimiy shaharda tashkil etilgani jahon hamjamiyati tomonidan buyuk o'zbek mutafakkirlari va olimlarining jahon madaniyati va ilm-faniga qo'shgan hissasi e'tirofidir.

Mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari xalqaro konferensiya ishtirokchilari, olimlar va tadqiqotchilarni Toshkentda yangi bunyod etilgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi yangilangan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishga chaqirdi.

Shuningdek, Jamiya Milliya Islomiya universitetiga ushbu ta'lim muassasasida 2004-yildan beri O'zbek tili kurslari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani uchun minnatdorlik bildirildi hamda mazkur o'quv loyihasi O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi «haqiqiy do'stlik ko'prigi» deb nomlandi.

Mamlakatimiz vakillarining xalqaro forumdagi ishtiroki O'zbekiston va Hindiston o'rtasida umumiy tarixiy merosni saqlash va o'rganish sohasidagi madaniy muloqotni yanada mustahkamlash va ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish