Logo

Dehlida "O'zbekiston-2030" strategiyasining taqdimoti bo'lib o'tdi

Noyabr 24, 2023. 08:26 • 2 daq

248
Dehlida "O'zbekiston-2030" strategiyasining taqdimoti bo'lib o'tdi

DEHLI, 24-noyabr. /"Dunyo"AA/. O'zbekistonning Dehlidagi elchixonasida «O'zbekiston — 2030» strategiyasining taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda diplomatlar, akademik, ilmiy-tahliliy doiralar, keng jamoatchilik vakillari, O'zbekiston va Hindiston ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "O'zbekiston – 2030" strategiyasi to'g'risida"gi farmoni, mamlakatimizda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida ushbu muhim hujjatning o'rni va ahamiyati haqida so'z yuritildi.


"O'zbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma'lumot taqdim etildi. Kelgusi yetti yilga mo'ljallangan, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi mazkur dasturilamal hujjat 100 maqsadni o'z ichiga olgan 5 ta ustuvor yo'nalishni qamrab olgani, ularda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning barcha muhim vazifalari belgilangani qayd etildi.


Anjumanda Hindiston akademik va ilmiy-tahliliy markazlari vakillari "O'zbekiston – 2030" strategiyasining mamlakatning zamonaviy taraqqiyot bosqichida tutgan o'rniga e'tibor qaratdi.


Xususan, Hindistonning Toshkentdagi sobiq elchisi Skand Ranjan Tayal O'zbekistonda so'nggi yillarda rivojlanishning izchil bosqichi amalga oshirilayotgani, mazkur o'zgarishlar jarayonida oddiy inson manfaatlarini ta'minlash bo'yicha dolzarb vazifalarga yechim topilayotganini ta'kidladi.


Javaharla'l Neru universiteti professori, Markaziy Osiyo bo'yicha yirik ekspert Sanjay Kumar Pandey "O'zbekiston – 2030" strategiyasi mamlakatda Harakatlar strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasida belgilangan yuksak maqsadlarga erishilgach qabul qilingan dastur ekanini e'tirof etdi. Ushbu muhim hujjatlar Yangi O'zbekistonda hayotning barcha jabhalarida erishilayotgan ulkan muvaffaqiyatlarga asos bo'lib xizmat qilmoqda.


Jamiya Milliya Islomiya universiteti chet tillar kafedrasi mudiri, Hindistondagi birinchi O'zbek tili kurslari asoschisi, professor Shahid Taslim O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar jarayoni hind yoshlarida o'zbek tilini o'rganishga bo'lgan qiziqishni oshirayotganini bildirdi. Masalan, Jamiya Milliya Islomiya universitetida bugun 300 ga yaqin talaba yoshlar o'zbek tilidan saboq olmoqda. Ular orasida nafaqat tilshunoslar, balki boshqa mutaxassisliklar vakillari ham salmoqli o'rinni egallamoqda. Yoshlar istiqbolda O'zbekiston bilan turli yo'nalishlarda hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.


O'zbekiston Oliy Majlisi Senati a'zosi, Samarqand viloyati "Zarafshon" gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev, O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi Muhammadjon Obidov mamlakatimizda so'nggi yillarda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan e'tirof etilayotgani, "O'zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan dolzarb vazifalar ijrosi O'zbekistonning xalqaro aloqalarini yangi pog'onaga olib chiqishiga xizmat qilishini urg'uladi.


Anjuman ishtirokchilari "O'zbekiston-2030" strategiyasining mazmun-mohiyati, mazkur muhim hujjatning mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida o'z fikr-mulohazalarini taqdim qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish