Logo

Islomobodda O'zbekiston va KOMSATS hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi

Avgust 25, 2025. 09:38 • 2 daq

53
Islomobodda O'zbekiston va KOMSATS hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 25-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Janubda barqaror rivojlanish uchun fan va texnologiyalar bo'yicha komissiya (KOMSATS) kotibiyati ijrochi direktori Mohammad Nafis Zakariya bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat chog'ida KOMSATS platformasi orqali ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish, o'zaro tajriba almashish, ilg'or texnologiyalar transferi, global miqyosdagi dolzarb muammolar, iqtisodiyotga zamonaviy yondashuvlar hamda yechimlarni tatbiq etish kabi yo'nalishlarda qo'shma tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mohammad Zakariya KOMSATS faoliyati, jumladan, tashkilotning 25 ta ilmiy-tadqiqot markaz va universitetlarni o'z ichiga olgan Ilg'or tajriba markazlari tarmog'i, Islomoboddagi Iqlim va barqarorlik markazi hamda Nanotexnologiyalar laboratoriyasi, Xitoyning Tyanszin shahridagi Sanoat biotexnologiyalari qo'shma markazi haqida ma'lumot berdi.

O'zbekiston elchisi o'z navbatida, mamlakatda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalar haqida so'zlab berdi.

Tomonlar KOMSATS universiteti va ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari va tadqiqot institutlar o'rtasida aloqalarni chuqurlashtirish, hamkorlik loyihalarni amalga oshirish, magistratura va doktorantura bosqichlarida qo'shma ta'lim dasturlarini ishlab chiqish, malaka oshirish uchun grantlar ajratish, qisqa muddatli onlayn kurslarni tashkil etish borasidagi tomonlarning takliflari ko'rib chiqdilar.

O'zaro hamkorlikni chuqurlashtirishning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qilish, mamlakatimizning mutasaddi vazirlik va idoralari bilan istiqbolli loyihalarni muvofiqlashtirish uchun KOMSATS delegatsiyasining O'zbekistonga amaliy safarini tashkil etishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish