Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi harbiy hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi
Avgust 08, 2025. 20:48 • 2 daq
• 241
ISLOMOBOD, 8 avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Qurolli kuchlari shtablar boshliqlari birlashgan qo'mitasi raisi general Sahir Shamshad Mirza bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat chog'ida O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirish, harbiy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, yuzaga kelayotgan tahdidlarni birgalikda bartaraf etish mexanizmlari muhokama qilindi.
General ikki tomonlama hamkorlikni barcha yo'nalishlarda kengaytirish zarurligini alohida qayd etdi. U umumiy tarix, din, madaniyat va an'analar ikki qardosh xalq o'rtasidagi ishonch va o'zaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili ekanini ta'kidladi.
Sahir Shamshad Mirza, shuningdek, Transafg'on temir yo'lini barpo etish loyihasiga alohida to'xtalib, mazkur strategik loyiha Janubiy va Markaziy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni ta'minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytib o'tdi.
– Kobul shahrida Transafg'on temir yo'li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini moliyalashtirish bo'yicha imzolangan uch tomonlama hadli bitimni olqishlayman, – dedi u. – Pokiston tomoni O'zbekiston rahbariyatining bu yo'nalishdagi tashabbuslarini kelgusida ham faol qo'llab-quvvatlaydi.
Muloqot davomida ikki davlat o'rtasidagi gumanitar va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga e'tibor qaratildi. Toshkentdan Islomobod va Lahorga to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilgani ikki xalq o'rtasidagi yaqinlashuvning yaqqol misoli sifatida qayd etildi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga to'xtalar ekan, general O'zbekiston va Pokiston rahbarlari tomonidan savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish bo'yicha qo'yilgan vazifani samarali bajarish uchun ko'maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Tomonlar 2025 yilga mo'ljallangan Qo'shma reja muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdilar, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik doirasida ofitserlar uchun maxsus o'quv kurslarini tashkil etish muhimligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida Pokiston tomoni O'zbekiston bilan harbiy, harbiy sanoat, harbiy ta'lim, mintaqaviy xavfsizlik va Transafg'on temir yo'li loyihasini ilgari surish bo'yicha keng qamrovli maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi