O'zbekiston-Pokiston fan va innovatsiya forumi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda
Iyun 17, 2025. 15:21 • 2 daq
• 48
ISLOMOBOD, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston fan va texnologiyalar vaziri Xalid Husayn Magsi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida fan, ta'lim va innovatsiya sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotida muhim bo'lgan sohalarda innovatsion yechimlarni ishlab chiqish maqsadida olimlar, muhandislar, mutaxassislar va investorlarni qamrab oluvchi qo'shma fan va texnologiyalar platformasini yaratish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, O'zbekiston va Pokistonning oliy ta'lim muassasalari o'rtasida akademik aloqalarni mustahkamlash, yetakchi universitetlar o'rtasida ta'lim va tadqiqot loyihalarini yo'lga qo'yish, o'zaro almashinuv dasturlarini tashkil etish borasida fikr almashildi.
Ilg'or ilmiy yo'nalishlar – tibbiyot, vaksina ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va dasturlash, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarini oqilona boshqarish, iqlim o'zgarishi hamda cho'l hududlaridan samarali foydalanish bo'yicha qo'shma tadqiqotlar va amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yish muhimligi ta'kidlandi.
O'zbekistondagi IT-parklar va Pokistonning Maxsus texnologiya zonalari o'rtasida hamkorlik o'rnatish, birgalikda turli yo'nalishlarda dolzarb intellektual dasturlar ishlab chiqish kerakligi qayd etildi.
Bundan tashqari, yoshlar va ayollarning fan va texnologiya sohalaridagi ishtirokini qo'llab-quvvatlash, ularning loyiha va startaplarini rag'batlantirish, stipendiyalar, mentorlik dasturlari hamda ayol olimalar uchun maxsus platformalar yaratish borasidagi takliflarga ham alohida e'tibor qaratildi.
Yangi qo'shma loyihalarni muhokama qilish, amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yish va muntazam muloqotni ta'minlash maqsadida O'zbekiston-Pokiston Fan va innovatsiya forumini tashkil etish tashabbusi ko'rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida ushbu takliflarni hayotga tatbiq etish maqsadida bir qator tashkiliy mexanizmlarni ishlab chiqish bo'yicha kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi