Logo

AQSh Kongressida "O'zbekiston kuni" tadbiri bo'lib o'tdi

Iyul 25, 2025. 17:46 • 5 daq

142
AQSh Kongressida "O'zbekiston kuni" tadbiri bo'lib o'tdi

VASHINGTON, 25 iyul. /"Dunyo" AA/. Kapitoliy tepaligida AQSh Kongressidagi mamlakatimiz bilan hamkorlik bo'yicha kokus a’zolari bilan birgalikda "O'zbekiston kuni" tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda kongressmenlar va senatorlar, Kongress apparati va uning ixtisoslashtirilgan qo'mitalari xodimlari, Davlat departamenti, Pentagon va AQSh Savdo vazirligi vakillari, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, nufuzli ommaviy axborot vositalari xodimlari, taniqli ekspertlar hamda xorijiy davlatlar elchilari va diplomatlari ishtirok etdi.

Forum davomida O'zbekiston delegatsiyasi ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Tashqi siyosat strategiyasining asosiy ustuvor yo'nalishlari, respublikaning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalari bo'yicha qarashlari e’lon qilindi.

Mamlakat rahbariyati zamonaviy dunyoning yetakchi davlatlari, birinchi navbatda, AQSh bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani ma’lum qilindi. Tomonlar savdo va sarmoyaviy sohadagi aloqalarni kengaytirishga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar, buni joriy yil iyun oyida bo'lib o'tgan navbatdagi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Amerika ishbilarmon delegatsiyasi ishtirok etgani tasdiqladi.

Parlamentlararo muloqot faollashgani, shuningdek, 2018-yilda davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan "O'zbekiston bo'yicha kokus"ning ushbu jarayondagi o'rni qayd etildi. Bugungi kunda Kokus ikki tomonlama munosabatlarning barcha spektri bo'yicha o'zaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.

Ma’ruzada O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo'lishini jadallashtirish istagi, investitsiya muhitini yaxshilash sohasidagi islohotlarning ortga qaytmasligini va boshqa jihatlar Amerika kompaniyalari manfaatlariga ham javob berishi qayd etildi.

Forumda Kongress a’zolari, Amerika – O'zbekiston savdo palatasi (AO'SP), AQShning qator kompaniyalari va fondlari rahbarlari so'zga chiqdilar.

Ma’ruzachilar mintaqadagi ijobiy o'zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylangan O'zbekistondagi islohotlarni yuqori baholadilar. Savdo, sarmoya va odamlar va biznes o'rtasidagi aloqalar o'zaro hamkorlikning asosiy yo'nalishlari sifatida ta’kidlandi.

 "O'zbekiston bo'yicha kokus" hamraisi, kongressmen Trent Kelli O'zbekiston-Amerika strategik sherikligi jadal rivojlanib borayotganini olqishladi. U O'zbekiston Prezidentiga chuqur hurmat bilan qarashini bildirdi.

"Prezident Shavkat Mirziyoyevga o'z minnatdorligimni bildirmoqchiman. U dadil islohotchi, ishonchli hamkor, AQShning samimiy do'sti. Uning rahnamoligida O'zbekiston o'zgarishlar yo'lidan dadil ketmoqda. Inson huquqlari mustahkamlanmoqda, demokratik institutlar kengaymoqda, xalqaro hamkorlik uchun imkoniyatlar ochilmoqda. Bu yutuqlar barchamizni ruhlantirmoqda. Men O'zbekistonda to'rt marta bo'lganman, har bir tashrif menda chuqur taassurot qoldirdi. O'zbek xalqining mehribonligi, boy madaniy merosi, yurtingizning mehmondo'stligi meni hayratda qoldirdi. Milliy musiqa san’ati, o'zbek oshxonasi, qadimiy an’analar – bularning barchasi O'zbekistonni chinakam noyob qiladi. Biz yaqinda "Jekson-Venik" tuzatishini kun tartibimizdan olib tashlaymiz, chunki O'zbekiston hamma narsani to'g'ri qilib, islohotlarni amalga oshirmoqda", – dedi amerikalik kongressmen.

"Markaziy Osiyo bo'yicha kokus" hamraisi, senator Stiv Deyns bu galgi forumda nafaqat Amerika vakili, balki O'zbekistonning samimiy do'sti sifatida chiqish qilayotganini ta’kidladi.

U 2024-yilning mart oyida Toshkentga safari chog'ida o'zini uydagidek, do'stlar davrasida his qilganini aytib o'tdi. Senator O'zbekiston rahbariyati bilan uchrashuvdan juda ko'p foydali ma’lumotlar olganini, ular Markaziy Osiyoda ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlarni tushunish nuqtayi nazaridan muhim bo'lganini ta’kidladi. "Ushbu uchrashuv mening Markaziy Osiyo davlatlarini qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga bo'lgan ishtiyoqimni kuchaytirdi", – dedi senator.

Kongressmen Kerol Miller joriy yilning mart oyida O'zbekistonga tashrifi haqidagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

"Qadimiy tarixga ega O'zbekiston men uchun azaldan kasbiy qiziqish uyg'otadi, chunki men tarixchiman. Noyob tarixiy va madaniy merosga ega mamlakatni o'z ko'zim bilan ko'rish imkoniyati men uchun bebaho tajriba bo'ldi", – dedi u. 

Uning nutqida O'zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvga alohida e’tibor qaratildi. U ikki tomonlama muzokaralarni yuqori baholab, suhbat ishonchli va ochiq muhitda o'tganini ta’kidladi. "Uchrashuvda ko'tarilgan mavzular nafaqat dolzarb, balki O'zbekiston-AQSh munosabatlarining kelajakdagi rivojlanishi nuqtayi nazaridan ham nihoyatda istiqbolli bo'ldi", – deya qo'shimcha qildi Kerol Miller.

U mamlakatimizga nisbatan "Jekson-Venik" tuzatishlarini bekor qilish va O'zbekistonning JSTga a’zo bo'lishini qo'llab-quvvatlash uning ustuvor vazifalari ekanini ma’lum qildi. Hozirda u Kongress a’zolari bilan bu masalalarni tezlashtirish uchun yaqindan hamkorlik qilmoqda.

"FLSmidth" transmilliy kompaniyasi katta vitse-prezidenti Piter Flenagan o'z chiqishida uning kompaniyasi dunyodagi eng yirik mis koni bo'lgan Olmaliqdagi mis konini qazib olish va qayta ishlash loyihasida ishtirok etishini bildirdi.

Piter Flenaganning qayd etishicha, loyihaning Olmaliqda amalga oshirilishi jahondagi eng yirik mis koni Kennekottdagi ishlab chiqarish darajasidan to'rt baravar yuqori ishlab chiqarish hajmiga olib keladi. U O'zbekistonda tog'-kon sanoatini rivojlantirishda ishonchli sherik bo'lishga tayyorligini tasdiqladi.

"Stirling Foundation" prezidenti Maylz Xansen O'zbekistonda ijtimoiy sohani rivojlantirishga ko'maklashish uning tashkiloti uchun ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. "Prezident Shavkat Mirziyoyevning innovatsion siyosati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, butun dunyoning respublikaga qiziqishini oshirishga kuchli turtki bermoqda. O'zbekistonda inson qadr-qimmati birinchi o'ringa qo'yiladigan kun tartibi amalga oshirilmoqda", – dedi u.

Amerikalik tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Kongressdagi "O'zbekiston kuni"ning O'zbekiston-Amerika munosabatlari rivojlanish dinamikasini namoyish etishda samarali platforma sifatidagi ahamiyatini alohida qayd etdilar. 

Global notinchlik sharoitida bunday tashabbuslar nafaqat o'zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki O'zbekistonning xalqaro nufuzi jiddiy oshganini tasdiqlaydi. Rasmiy Toshkentning mutanosib tashqi siyosat strategiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, bu esa Qo'shma Shtatlarda keng ma’qullanyapti.

Umuman olganda, Kapitoliy tepaligidagi "O'zbekiston kuni" AQSh bilan ikki tomonlama kun tartibidagi muhim voqeaga aylandi. Forum nafaqat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlarni Amerikaning keng auditoriyasiga taqdim etish, balki siyosat, iqtisodiyot va madaniyat sohalaridagi muloqotlarga yangi sur’at bag'ishlash imkonini berdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish