Londonda "Uzbekistan Outsourcing Conference" biznes-forumi o'tkazildi
Noyabr 24, 2025. 11:22 • 2 daq
• 376
LONDON, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish maqsadida O'zbekistonning Londondagi Elchixonasida "Uzbekistan Outsourcing Conference" biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"IT Park Uzbekistan" bilan hamkorlikda o'tkazilgan ushbu tadbirda Britaniyaning "Coursera", "Montfort", "Academia Park", "AttoLabs", "Antal International", "Propelis", "Mircoland Limited", "Global Telecom Networks", "Salesforce", "H-Tech Supports", "BOX3" kabi 60 dan ortiq AKT sohasidagi nufuzli kompaniyalar qatnashdi.
Mazkur yetakchi kompaniyalarning aksariyati xalqaro bozorda katta tajribaga ega bo'lib, ular O'zbekiston AKT tarmog'idagi ulkan o'zgarish va rivojlanish imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi.
Konferensiya doirasida mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish bo'yicha oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, soliq imtiyozlari, mutaxassislar tayyorlash tizimi, kadrlar salohiyati va "IT Park" rezidentligi maqomining afzalliklari batafsil yoritildi.
Taqdimotda raqamli transformatsiyaning yirik loyihalari misolida O'zbekistonning global raqamli xizmatlar bozoridagi salohiyati yana bir bor ochib berildi. E'tiborli jihati, so'nggi bir oyning o'zida "IT Park" tarkibiga 70 ta yangi xorijiy kompaniya qo'shildi, shularning 55 tasi raqamli xizmatlar eksporti bilan shug'ullanmoqda. Xalqaro rezidentlar soni esa jami 900 dan oshdi.
Biznes-forum davomida "IT Park"ning Britaniyalik qator rezidentlari – "Coursera", "Montfort", "Academia Park", "AttoLabs" vakillari O'zbekistondagi ijobiy tajribasi haqida ishtirokchilarga ma'lumot ulashdi. Ular O'zbekistondagi ish muhiti, mutaxassislarning malakasi va IT-ekotizimining tez sur'atda kengayib borayotganini qayd etib, yurtimizda biznes yuritish uchun qulay sharoitlar mavjudligini ta'kidlashdi.
Tadbir yakunida "IT Park Ventures" va Britaniyaning qator kompaniyalari o'rtasida hamkorlik bo'yicha kelishuvlar imzolandi. Ushbu bitimlar yaqin oylarda autsorsing, investitsiya, tajriba almashish va qo'shma loyihalarni amalga oshirishda yangi amaliy qadamlarga aylanishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi