Germaniyaning Frayburg shahrida O'zbekiston milliy taomlari va madaniyati festivali bo'lib o'tdi
Avgust 20, 2025. 11:40 • 2 daq
• 131
FRAYBURG, 20-avgust. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Frayburg shahrida "O'zbek milliy taomlari va madaniyati" festivali tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festival mamlakatimiz turizm salohiyatini va madaniyatini Germaniya hududlarida keng targ'ib etish maqsadida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan faol vatandoshlarimiz Yevgeniy va Yuliya Shats bilan birgalikda o'tkazildi.
Vatandoshlarimiz Yevgeniy va Yuliya Shats 20 mingdan ortiq obunachiga ega "Facebook" ijtimoiy tarmog'idagi "Usbekische Küche" guruhi asoschilari hisoblanadi. Ular doimiy tarzda yurtimiz turizmi va madaniyatini Germaniyada faol targ'ib qilib kelmoqda.
Tadbirda Germaniyaning turli hududlari va Yevropaning boshqa davlatlari, shuningdek, Amerika Qo'shma Shtatlaridan vatandoshlar, ishtirok etdi.
Festivalning ochilish marosimida so'zga chiqqan diplomatik vakolatxona vakillari, mazkur tadbirning vatandoshlar o'rtasida do'stlik va millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini targ'ib etishdagi ahamiyatini qayd etdilar. Tadbir doirasida ishtirokchilarga O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida ro'y berayotgan yangiliklar yuzasidan axborot berildi.
Anjumanning asosiy qismida somsa va tandir go'sht, palov, sho'rva kabi o'zbek milliy taomlari tayyorlandi. Ayniqsa, elchixona oshpazi tomonidan o'zbek palovini tayyorlash bo'yicha o'tkazilgan mahorat darsi Germaniyadagi o'zbek oshxonasi ixlosmandlari uchun o'ziga xos tajriba bo'ldi.
Shuningdek, festival mehmonlari uchun o'zbek amaliy san'ati namunalari atlas-adras, so'zana, kashtachilik, zardo'zlik namunalarini o'zida aks ettirgan milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi namoyish etildi. Uning doirasida Anna Gebert tasviriy san'at maktabi asarlaridan iborat O'zbekiston xalqi madaniyati, san'ati va turmush tarziga bag'ishlangan suratlar ko'rgazmasi ham tashkil etildi.
Bundan tashqari, tadbir qatnashchilari uchun "Ebru" uslubida rasm chizish bo'yicha mahorat darslari o'tkazildi. Yurtimizning boy tarixiy merosiga oid qadimiy milliy o'yinlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Festivalga kelganlar o'zbek milliy taomlaridan bahramand bo'lishi barobarida yurtimiz madaniyati bilan yaqindan tanishish, o'zbek milliy raqslari va qo'shiqlaridan bahramand bo'lish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Mamlakatimiz turizm salohiyatini targ'ib etish maqsadida maxsus axborot burchagi tashkil etildi. Unda tarixiy shaharlarimiz va zamonaviy sayyohlik yo'nalishlariga doir nemis va ingliz tillarida tayyorlangan buklet va broshyuralar taqdim etildi.
Yuliya Shats, tadbir tashkilotchisi:
– Biz Germaniyada yashaymiz. Ko'p yillardan beri o'zbek milliy gastronomiyasi va madaniyatiga bag'ishlangan tadbirlarni O'zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etyapmiz. Biz boshlagan bunday loyihalar Yevropaning boshqa shaharlarida ham tashkil etilmoqda. Olis yurtda Vatan muhitini, o'zbekona mehmondo'stlik va bag'rikenglikni yana bir bor his qilishlari uchun shu festivalni uyushtirganimizdan juda mamnunmiz. Festival ishtirokchilar ham mamnunliklarini izhor etdilar.
Biz har yili O'zbekistonning tarixiy shaharlariga sayohat uyushtiramiz. O'tgan yili Samarqand, Shahrisabz, Qarshi shaharlariga bordik. Kelgusi yilda ham xorijlik sayyohlarni yangi turizm maskanlariga olib borishni rejalashtiryapmiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi