Logo

Polshadagi O'zbekiston tadbirkorlari assotsiatsiyasi tashkil etildi

Dekabr 23, 2023. 08:22 • 2 daq

423
Polshadagi O'zbekiston tadbirkorlari assotsiatsiyasi tashkil etildi

VARSHAVA, 23-dekabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekistonning Varshavadagi elchixonasida ushbu davlatda tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.



Unda Polshada tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan qator taniqli banklar, IT-kompaniyalarda ishlayotgan vatandoshlar qatnashdi.

Ishtirokchilarga «Yangi O'zbekiston – 2030» strategiyasining mazmun-mohiyati, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha hukumatning asosiy ustuvor yo'nalishlari, respublikada investitsiya, ta’lim, ijtimoiy-gumanitar va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqida so'zlab berildi. Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, zamonaviy yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida ulkan ishlar davom etayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda so'zga chiqqan vatandoshlar O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarda ishtirok etishga, zamonaviy bilim va tajribalarini ona yurt ravnaqiga yo'naltirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Tadbir davomida O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi do'stlik va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun «Xalqlar do'stligi» ko'krak nishoni bilan taqdirlangan «Uzinvest Sp. z o.o.» kompaniyasi rahbari Voxid Muhitdinovga mukofotni topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

«Polshadagi diplomatik vakolatxona ko'magida O'zbekiston to'qimachilik korxonalari 2023-yil noyabr oyida Varshavada bo'lib o'tgan «Fast Textile» xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etganidan so'ng 30 million dollardan ortiq eksport shartnomalari imzolandi. Fursatdan foydalanib, bizni har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelayotgani va ushbu mukofot uchun O'zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman», - dedi Voxid Muhitdinov.

Polshadagi «JD MEBLE» mebel fabrikasi direktori Rasuljon Ibragimov o'z chiqishida mebel ishlab chiqarish sohasida olgan bilim va tajribasini O'zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish yo'lida safarbar qilishga tayyorligini bildirdi. «O'zbekiston fuqarolarining Polsha iqtisodiyotiga sarmoya kiritish tendensiyasi ortib bormoqda. Bizning ikkita mebel fabrikamiz 140 nafar polyaklarni ish bilan ta’minlagan. Ayni paytda ishlab chiqarayotgan mebel mahsulotlarimizni Yevropa va Afrikaning 7 davlatiga eksport qilayapmiz», dedi u.

«Eletto Sp. z o.o.» kompaniyasi rahbari Nizomiddin Abdullayev Polsha vino bozorini atroflicha tahlil qilish, talab yuqori bo'lgan taqdirda ushbu mamlakatda vino sotish bo'yicha milliy savdo uyini ochish va reklama kampaniyalarini tashkil etish rejalarini ma’lum qildi.

Uchrashuv doirasida Polshadagi O'zbekiston tadbirkorlari assotsiatsiyasini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi. Shuningdek, assotsiatsiyaning birinchi yig'ilishini o'tkazildi.

Yig'ilish ishtirokchilari «Eletto Sp. z o.o.» kompaniyasi rahbari Nizomiddin Abdullayevni mazkur tashkilot rahbari sifatida tasdiqladilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish